O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylovga puxta tayyorgarlik O‘zbekiston xalqining o‘z kelajagiga yuksak ishonchini anglatadi
2016-12-02 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari kelmoqda. O‘zA muxbirlari ularning ba’zilari bilan suhbatlashdi.
Vladimir Filipovich, MDH ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, MDH kuzatuvchilari missiyasi a’zosi:
– O‘zbekistonda Prezidentlikka nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratilgani, saylovoldi tashviqoti davlat tomonidan to‘la moliyalashtirilgani saylov kampaniyasining xalqaro demokratik talablar darajasida, sog‘lom raqobat muhitida o‘tishiga zamin yaratgan. Bunday amaliyot jahonda kamdan-kam uchraydi. Har bir partiyaning o‘z elektorati bilan ishlayotgani juda muhim. Nomzodlar dasturlarida O‘zbekiston xalqining farovon kelajagi, mamlakatning yanada yuksak marralarni egallashiga qaratilgan ezgu maqsadlar ilgari surilgan.
O‘zbekistonda ilgari ham saylovlarni kuzatganman. Saylov yuksak saviyada o‘tishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylov uchastkalarida komissiya a’zolarining samarali faoliyat ko‘rsatishi hamda ovoz beruvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida zarur moddiy-texnik imkoniyatlar hozirlangan. Uchastkalarda tabarruk yoshdagi fuqarolar, nogironlarning saylovga kelishi uchun alohida imkoniyatlar yaratilgani ham e’tiborni tortadi. Bu O‘zbekistonda aholining barcha qatlamlari o‘z saylov huquqini to‘la amalga oshirishi uchun katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Ladaj Kornelus, “Intertwine Consultancy” nohukumat tashkiloti rahbari (Niderlandiya):
– O‘zbekistonda Prezident sayloviga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Barcha jarayonlar milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida amalga oshirilayotgani Prezident saylovining yuksak demokratik talablar asosida tashkil etilishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Saylov tashviqoti har bir nomzodning aniq pozitsiyasini ko‘rsatadigan tarzda, keng saylovchilar ommasini qamragan holda o‘tdi. Joylardagi uchrashuvlarda savol-javoblar bo‘lgani, fuqarolarning o‘z fikr-mulohazalarini bildirgani saylovchilarning faolligi oshganidan, saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rganidan dalolat beradi. Bu xalqingizning mamlakat kelajagiga ishonchi yuksakligini namoyon etadi.
Anatoliy Savchuk, "Peshkuteks" O‘zbekiston-Belarus to‘qimachilik korxonasi hammuassisi, "Aktam" turistik kompaniyasi rahbari (Belarus):
– Saylovni kuzatish uchun kelgan xalqaro ekspertlarga zarur sharoitlar yaratilgan. Barcha kuzatuvchilar Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalarida saylov jarayoniga tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda. Mazkur muhim siyosiy tadbirga puxta hozirlik ko‘rilganiga, fuqarolarning erkin ovoz berishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Kim bilan suhbatlashmang, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot bardavom bo‘lishi uchun ovoz berajagini bildirmoqda.
O‘zbekiston barqaror taraqqiyot yo‘lidan jadal ilgarilab bormoqda. Shaharu qishloqlardagi obodlikka, beqiyos o‘zgarishlarga havas qilsa arziydi. Buxoro viloyatida bo‘ldik. Ushbu viloyatga bir-ikki yil ilgari borgan kishi bugun u yerdagi yangilanishlarni ko‘rib, tanimay qolishi tabiiy. Prezident saylovi kuni Samarqand viloyati tuman va shaharlarida saylov jarayonini kuzatishni rejalashtirganmiz.
Rafael Nektal, “The Bukharian Times” haftalik gazetasi bosh muharriri (AQSh):
– O‘zbekiston havosi bizga doimo huzur bag‘ishlaydi. Bu mehmondo‘st mamlakatga qachon kelsak, o‘zbek xalqining mehrini, olijanobligini his etamiz.
Mamlakatingiz fuqarolari, ayniqsa, yoshlarning saylovoldi jarayonidagi faolligi e’tiborga molik. Birinchi marta ovoz beradigan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasida ularda saylov madaniyati shakllangan, o‘z kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi ortgan. O‘zbekistonda yosh avlod tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor tahsinga loyiq. Yoshlarni davlat va jamiyat hayotiga keng jalb qilish barqarorlikni mustahkamlashning muhim omillaridan biridir. O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosati boshqalar uchun namuna bo‘la oladi.