O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Turizm sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik

2016-12-02 | Turizm

Seul. 2 dekabr. O‘zA maxsus muxbiri Nodira Manzurova xabar qiladi.

"O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi delegatsiyasi shu yil 21 noyabr – 2 dekabr kunlari Koreya Respublikasida bo‘ldi. Safar davomida Janubiy Koreya sayyohlik tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi, ushbu mamlakatning qator hududlari, madaniy meros ob’ektlari, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlari faoliyati bilan tanishildi. 

"O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi vakillari mamlakatimizning turizm sohasidagi salohiyati taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot ishtirokchilariga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo va boshqa hududlaridagi diqqatga sazovor joylar haqidagi boy ma’lumotlar taqdim etildi. Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va sayyohlik xizmatlari eksportini yanada oshirish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi. 

Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan "Janubiy Koreya sayyohlik tajribasini o‘rganish" treningi doirasida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi. Janubiy koreyalik ekspertlar bilan birgalikda turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etilib, O‘zbekiston hamda Janubiy Koreyada ekoturizmni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash masalasi bo‘yicha tajriba va fikr almashildi. 

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sohada amalga oshirilgan islohotlar samarasida zamonaviy turizm infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun sharoitlar yaratildi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda yangi sayyohlik turlari, jumladan, ekologik turizm yo‘nalishlari joriy etilmoqda. O‘zbekistonda qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, yodgorliklar va biosfera rezervatining mavjudligi mamlakatimizda ekoturizmni istiqbolli yo‘nalishga aylantirish imkonini bermoqda. 

Bugungi kunda turizm jahon iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biridir. Shu bois O‘zbekistonda ham turizm sanoatini modernizatsiya qilish, sohani barqaror rivojlantirish uchun me’yoriy-huquqiy baza yaratish va uni takomillashtirish, chet ellik mehmonlarga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda xalqimizning tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va yanada boyitish, milliy an’ana va urf-odatlarimizni qayta tiklash, diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish borasida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. 

Buning samarasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, har yili O‘zbekistonga dunyoning turli mintaqalaridan 2 milliondan ortiq sayyoh kelmoqda. Ularning aksariyati Germaniya, Fransiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Hindiston fuqarolaridir. 

– O‘zbekiston xalqaro sayyohlik bozorida katta nufuzga ega, – dedi Kyonxi universiteti professori Kim Chol Von. – O‘zbekistonning qadimgi arxitektura yodgorliklari, xalqingizning o‘ziga xos an’analarini o‘zida mujassam etgan boy madaniy merosi jahon hamjamiyati va sayyohlar e’tiborini tortmoqda. Janubiy Koreyada yurtingizni ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘p. Mamlakatingizda xorijiy mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekistonning sayyohlik kompaniya va firmalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish niyatidamiz. 

O‘zbekiston turizm sanoati vakillarining safari qiziqarli taqdimot marosimlari, o‘zaro manfaatli muzokaralarga boy bo‘ldi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, soha kadrlarini tayyorlash tizimi, ekoturizmni ommallashtirish dasturlari haqida ma’lumot berildi. 

Ishtirokchilarning fikricha, trening davomida tashkil etilgan sayyor tadbirlar natijasida O‘zbekiston vakillari Janubiy Koreya turizm sohasi ekspertlari bilan aloqalarni mustahkamladi, benchmarkingni rivojlantirish bo‘yicha fikr va tajriba almashdi. 

Tashrif chog‘ida o‘tkazilgan uchrashuv va tadbirlar Janubiy Koreya sayyohlik bozorining so‘nggi tendensiyalari bilan tanishish, ushbu sohada hamkorlikni kengaytirish va mamlakatimizning mazkur yo‘nalishdagi salohiyatini namoyish etish imkonini berdi.  

Поделиться