O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi ish boshladi
2016-12-02 | Saylov
Joriy yilning 1-dekabr kuni Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kuzatuvchilari missiyasi rahbari, IHTning siyosiy departamenti direktori Ali Abolhasani Shaxreza Toshkentga keldi.
Bugun Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomovning IHT kuzatuvchilari missiyasi rahbari va a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida Missiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, butun saylov kampaniyasi ochiq va oshkora saylov to‘g‘risidagi qonunlar talablariga va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida IHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari Ali Abolhasani Shaxreza brifing o‘tkazdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, IHT kuzatuvchilar missiyasi saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish, uning borishi va natijalarini milliy qonunchilikka, xalqaro shartnomalar va qabul qiluvchi davlat majburiyatlariga muvofiqlik nuqtai nazaridan baholaydi.
Kuzatuv natijalari bo‘yicha IHT kuzatuvchilar missiyasi hisobot tayyorlaydi va saylovlarni tashkil etish yuzasidan o‘z baholarini va e’tirozlarini taqdim qiladi, shuningdek ovoz berish tugagach bayonot beradi. Bayonot matni Missiya rahbari tomonidan imzolanadi va IHT a’zo-davlatlarining saylov o‘tkazuvchi davlat organlariga taqdim etiladi, shuningdek jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari e’tiboriga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, IHT kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va parlament saylovlarida ishtirok etgan.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.