O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar Davlat budjetining ijrosini ko‘rib chiqdilar

2016-11-25 | Siyosat

24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash jahonda milliy iqtisodiyotni raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 7,2 foizga o‘sdi. Inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.

Chuqur o‘ylangan, puxta pul-kredit va soliq-budjet siyosatining amalga oshirilganligi Davlat budjeti daromad qismining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 100,2 foizga ijrosini ta’minlab, bu YaIMga nisbatan 21,7 foizni tashkil etdi. Davlat budjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 21,6 foizni tashkil etib, bu O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini YaIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarish imkonini berdi.

Muhokamalar davomida deputatlarning Davlat budjeti ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bergan savollariga hukumat vakillari atroflicha javob berdilar.  

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A. Shadmanovning qo‘shimcha ma’ruzasi eshitildi.

Qayd etildiki, hisobot davrida joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarini izchil amalga oshirilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini bergan. Davlat budjeti mamlakatimiz parlamenti tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etilgan.

Mamlakatimiz Davlat budjetining 2016 yilning to‘qqiz oyidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari nuqtai nazarlari va fikrlarini bayon qilib, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, budjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining mamlakatimiz Budjet kodeksiga rioya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining quyi palatadagi fraksiyasi a’zolari mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlantirishga, xususiy mulkni himoya qilish va uning dahlsizligi kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar olib borilayotganligini alohida ta’kidladilar.

Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, mikrofirma va kichik korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari o‘sdi va o‘z navbatida ular tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi miqdorining oshishiga zamin yaratdi. Mazkur daromad turi bo‘yicha tushumlar 1 trln. so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga o‘sgani e’tirof etildi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada rag‘batlantirish, xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun xomashyo resurslarini ochiq birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini oshirish va shu orqali ularning xarid imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, eksportni diversifikatsiya qilish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning yuqori natijalarini alohida e’tirof etdilar.

Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan respublika budjetidan mahalliy budjetlarga ajratiladigan subvensiya ulushi 2015 yilning mos davriga nisbatan 2,5 bandga kamayganligi hamda mamlakatimizning turli hududlaridagi 14 ta tuman va shaharlarni subvensiyadan chiqarilganligi partiyaning iqtisodiy sohadagi mamlakatimiz hududlarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirish, mahalliy budjetlarni daromadlar bazasini mustahkamlash kabi vazifalariga to‘la mos kelayotganligi ta’kidlandi.

Fraksiya vakillari joylarda mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavjud imkoniyat hamda salohiyatdan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar majlis ishtirokchilarining diqqatini aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturining amalga oshirilishiga qaratdilar.

Xususan, ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘lar hajmi yildan-yilga oshib, joriy yil 9 oyida Davlat budjeti mablag‘larining qariyb 60 foizi yo‘naltirilgan.

Deputatlar markazda va joylarda davlat boshqaruvi organlarining, budjet tashkilotlarining budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, moliyaviy intizomga rioya qilish, shuningdek Budjet kodeksi normalari va qoidalari ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga doir bir qator takliflar bildirdilar.

O‘zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim jarayoni darajasi hamda sifatini takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga alohida e’tibor qaratdilar.

Xususan, ilmiy-texnika dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-texnika loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan 92,4 mlrd. so‘m, innovatsion loyihalarga 15,7 mlrd. so‘m mablag‘lar mamlakatimizning ilmiy, ilmiy-texnik salohiyatini yanada rivojlantirishda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lardan joylarda oqilona va maqsadli foydalanilishi ustidan deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini bildirdilar.

O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi a’zolari ta’kidladilarki, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ekologik bar­qarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy hamda toza texnologiyalarni keng joriy etilishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, deputatlar yo‘naltirilayotgan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini ta’minlagan holda, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining ijrosini ta’minlash va samaradorligini oshirishni, kelgusida oqava suv tozalash inshootlarini qurish, qayta ta’mirlash hamda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash uchun mablag‘lar miqdorini qo‘paytirishni taklif qildilar.

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016 yilning 9 oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

 

Поделиться