O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ravshan Ermatov – eng kuchli hakamlar safida
2015-01-08 | Sport
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) tomonidan 2014-yil yakunlari bo'yicha dunyoning eng yaxshi futbol hakamlari ro'yxati e'lon qilindi. Unda 37 ball jamg'argan o'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov beshinchi o'rinni egalladi.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi uchrashuvlarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo'yicha deyarli barcha nufuzli musobaqalarda hakamlik qilgan.
Hamyurtimiz 2014-yili Braziliyada o'tkazilgan jahon chempionatida jami to'rtta – guruh bosqichida Shveytsariya – Ekvador, AQSh – Germaniya va Meksika – Xorvatiya, chorak finalda Gollandiya – Kosta-Rika terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuvlarni muvaffaqiyatli boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko'p – 9 uchrashuv boshqarib, dunyo rekordini o'rnatdi.
O'zbekistonlik FIFA referisi 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014-yillarda besh marotaba "Osiyoning eng yaxshi hakami" deb e'tirof etilgan. Dunyoning eng yaxshi hakamlari ro'yxatiga hamyurtimiz bilan birga italiyalik Nikola Ritssoli, angliyalik Xovard Uebb, germaniyalik Feliks Brix, gollandiyalik Born Kuypers, portugaliyalik Pedru Proensa, ispaniyalik Karlos Velasko Karbalo, turkiyalik Juneyt Chaqir, meksikalik Marko Antonio Rodriges Moreno va argentinalik Nestor Fabian Pitana kiritilgan.