O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vatanni sharaflagan harbiy sportchilar
2015-01-08 | Sport
Markaziy harbiy sport klubi a'zolari 2014-yilgi sport mavsumida mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda jami 856 medalni qo'lga kiritdi.
Vatan – ulug', bebaho tushuncha. Uning har bir go'shasi, tog'u adirlari, cho'lu daryosi, bog'u dashtlari o'zini, o'zligini anglagan inson uchun qadrli. Yurt koriga yarash, uning obro'-e'tibori yuksalishiga o'zini daxldor, deb bilish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Ana shu burchni sidqidildan ado etib kelayotgan, qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg'usi jo'sh urgan harbiy sportchilarimizning turli nufuzli musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari bilan har qancha faxrlansak arziydi. O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy sport klubi a'zolari ham sportchi, ham harbiy xizmatchi sifatida o'zining sharafli vazifasiga mas'uliyat bilan yondashishni, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni asosiy maqsadi, deb biladi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy armiyamiz saflariga har tomonlama sog'lom, chuqur bilimga ega yigitlar saralab olinmoqda. Davlatimiz rahbarining 1993-yil 19-martdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan mazkur harbiy sport klubi Qurolli Kuchlarimiz safini jismoniy va ma'naviy sog'lom yoshlar bilan to'ldirish, harbiylarni sportga keng jalb etish, mamlakatimiz olimpiya zaxiralariga mahoratli sportchilar va malakali murabbiylar yetishtirib berishga munosib hissa qo'shayotir.
Bugungi kunda mazkur klubda 600 nafardan ziyod yigit-qiz sportning dzyudo, boks, kurash, erkin va yunon-rum kurashi, yengil va og'ir atletika, taekvondo (WTF), tennis, baydarka va kanoeda eshkak eshish, trampolin, suv polosi, basketbol, o'q otish, armrestling, qo'l jangi, universal jang, avtosport bo'yicha tajriba va mahoratini oshirmoqda. Mashg'ulot jarayonlari MHSK tizimida faoliyat yuritayotgan malakali murabbiylar rahbarligida barcha sharoitlarga ega zamonaviy sport majmualarida, o'quv-mashg'ulot bazalarida olib boriladi.
Yosh sportchilar ilk qadamini MHSK tarkibidagi Oliy mahorat sport maktabida boshlaydi. Maktabda o'z iste'dodini namoyon eta olgan, turli musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar klub tarkibiga sport faollari, MHSK sport jamoasiga xizmatchi sifatida, so'ngra esa shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilinadi. Klub a'zolari sport bilan shug'ullanish barobarida o'z kasb mahoratini oshirish, mudofaa tizimidagi boshqa sohalarda faoliyat yuritish imkoniga ham ega.
Markaziy harbiy sport klubida, avvalo, sportchilarning ma'naviyatini boyitishga, axloqiy-ruhiy tayyorgarligiga, mamlakatimiz mustaqilligi va xavfsizligini mustahkamlashdagi faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. Bu ularni irodali, matonatli, mard va jasur, har qanday vaziyatda Vatan himoyasiga qodir, yuqori malakali kadrlar etib tarbiyalashga xizmat qilayotir.
Klubning mamlakatimiz sport federatsiyalari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani harbiy sportchilarga o'quv-mashg'ulot yig'inlarini yuqori saviyada tashkil etish, xalqaro musobaqalarda qatnashish imkonini bermoqda. MHSK sportchilari bugungi kunda qator sport turlari bo'yicha milliy terma jamoalarimiz tarkibida jahon va qit'a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o'yinlari kabi nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotir.
– Harbiy sportchilarimiz 2014-yilgi sport mavsumida jami 856 medal jamg'ardi. Shulardan 189 tasi xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda qo'lga kiritildi, – deydi MHSK boshlig'i o'rinbosari, podpolkovnik Uyg'un Siddiqov. – Sportchilarimizning bu natijasi mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarning sport bilan shug'ullanishi, o'z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.
MHSK a'zolarining Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o'tkazilgan XVII Osiyo o'yinlarida erishgan natijalari salmoqli bo'ldi. Mazkur o'yinlarda MHSKning 44 nafar vakilidan 18 nafari g'olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Osiyo o'yinlarida taekvondochi Jasur Boyqo'ziyev, kanoeda eshkak eshish bo'yicha Vadim Menkov va yengil atletika bahslarida Yekaterina Voronina shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarilib, qit'ada tengsiz ekanini isbotladi.
– Nufuzli musobaqalarda qo'lga kiritayotgan yutuqlarimiz zamirida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan mamlakatimizda sportni, jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e'tibor mujassam, – deydi XVII Osiyo o'yinlari g'olibasi Yekaterina Voronina. – Osiyo o'yinlarida erishgan g'alabamni 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o'tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o'yinlarida ham takrorlash uchun bor kuch-g'ayratimni sarflayman.
Mamlakatimizning yengil atletikachilari, dzyudo ustalari va og'ir atletikachilarining jahon va qit'a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlarda erishgan natijalari O'zbekistonda mustaqillik yillarida tom ma'noda sog'lom va har tomonlama yetuk sportchilar avlodi shakllanganining amaldagi yana bir ifodasidir.
Sportchilarimizning jahon sport arenalarida yuksak natijalarga erishishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi "O'zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo'lib o'tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida"gi qarori muhim omil bo'lmoqda.
Olimpiadaga tayyorgarlik dasturiga muvofiq yuqori salohiyatli sportchilar va murabbiylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, olimpiyachilarimiz zaxirasini boyitishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'quv-mashg'ulot jarayonlarini zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, jismoniy tayyorgarlikni yaxshilash, bolalar, o'smirlar va yoshlar o'rtasida sportni rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli vazifalar amalga oshirilmoqda.
2015-yilgi sport mavsumi harbiy sportchilarimiz uchun yanada mas'uliyatlidir. Chunki joriy yilda Olimpiya o'yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo'yicha jahon va qit'a miqyosida o'tkaziladigan nufuzli musobaqalar sportchilarimiz uchun XXXI yozgi Olimpiadaga muhim tayyorgarlik vazifasini o'taydi. Shu bois mamlakatimizning barcha sportchilari qatori Markaziy harbiy sport klubi a'zolari ham musobaqalarga hozirdan puxta tayyorgarlik ko'rmoqda. Asosiy maqsad – 2016-yilgi Olimpiya o'yinlarida muvaffaqiyatli qatnashib, Vatanimiz sport salohiyatini namoyon etishdir.