O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Narimon Umarovning Cirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
2016-11-15 | Saylov
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 14-noyabr kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlik guruhi rahbari S.Elmurodov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Yu.Usmonova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzod mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati yuksalgani, yalpi hududiy mahsulotda sanoatning ulushi ortib, aholi farovonligi yildan-yilga oshib borayotganini ta’kidladi.
Saylovoldi dasturida demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish, qonun ustuvorligiga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahamlash, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish kabi ustuvor vazifalarga alohida ahamiyat qaratilgan.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash, moliya bozoriga aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mablag‘larining faol jalb qilinishi borasida hali ishlatilmagan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalar va moliyaviy resurslar jalb qilish imkoniyatini berishi qayd etilgan.
Dasturda ekologiya sohasida belgilangan vazifalar, jumladan, Sirdaryo viloyatining murakkab tabiiy sharoiti, hududda yerosti suvlari yaqinligi, tuproqning sho‘rlanish darajasi yuqorligi kabi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O‘.Xolov, Guliston davlat universiteti kafedra mudiri R.Mahmudov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi D.Abdullayeva, Xovos birlashgan temir yo‘l shifoxonasi bosh shifokori G‘.Rayimnazarov, Guliston maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi D.Umrzoqova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.