O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda “Do‘stlik” fotoko‘rgazmasi ochildi
2016-11-11 | Madaniyat
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda “Do‘stlik” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Suratlarni tomosha qilaturib, do‘stlikning nelarga qodirligi, kuchi va taftini his etasiz. O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, olis hududlariyu bilim dargohlari aks etgan suratlar – yapon ko‘ngillilarining ijod mahsullari. Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan JICAning 20 ga yaqin ko‘ngillisi maktablar, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot maskanlari va sport majmualaridan lavhalarni fototasmaga muhrlagan.
Ko‘rgazma doirasida xayriya yarmarkasi tashkil etildi, kimono, sumie kiyish marosimi, kalligrafiya, yapon suvbo‘yoq tasviri bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Hozir ko‘ngillilar harakati dunyo bo‘ylab ommalashib bormoqda. Shu kungacha O‘zbekistonga «JICA volontyorlari» loyihasi bo‘yicha tashrif buyurgan yaponiyalik ko‘ngillilar 250 taga yetdi. Ular sog‘liqni saqlash, ta’lim, moliya va madaniyat sohalarida tajribali mutaxassislar bo‘lib, o‘zbekistonlik kasbdoshlari bilan hamkorlik qilmoqda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishiga hissa qo‘shmoqda.