O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston madaniyati kunlari yakunlandi
2016-11-11 | Madaniyat
Buxoro viloyati musiqali drama teatrida Turkmaniston madaniyati kunlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori F.Jo‘rayev, Turkmaniston madaniyat vaziri o‘rinbosari A.Shomurodov, Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sh.Shiriyev va boshqalar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanayotgani, o‘zbek-turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalari yildan- yilga mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
Turkmaniston madaniyati kunlari tadbiri doirasida Buxoro san’at kollejida turkman filmlari namoyish etildi. Taniqli rejissyor Bulat Mansurov tomonidan suratga olingan tinchlik va ezgulik kuychisi Shukur baxshi haqidagi “Bellashuv” badiiy filmi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Buxoro san’at kolleji o‘quvchilari mehmonlarga o‘zlari yaratgan Turkmanistonning o‘ziga xos tabiati, turkman xalqining hayoti, urf-odat va an’analari aks etgan tasviriy san’at asarlarini namoyish qildi.
Mamlakatimizda 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari, jumladan, turkman millatiga mansub fuqarolar ahil-inoq yashab, barchamiz uchun yagona bo‘lgan O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda. Buxoro viloyatida 11 mingga yaqin qardosh xalq vakillari istiqomat qiladi. Ularga o‘z milliy an’ana va urf-odatlarini asrash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Men Buxoro tibbiyot kollejida o‘qiyman, – deydi Altin Bazarova. – Abu Ali ibn Sino yurtida ta’lim olayotganimdan faxrlanaman. Hozirgi kunda kollejimizda 90 ga yaqin turkmanistonlik yosh tahsil oladi. Kollejda zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, puxta bilim olishimiz va kasb o‘rganishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Men bu haqda har gal ta’tilda yurtimga borganimda faxrlanib gapirib beraman.
Turkmaniston madaniyati kunlari ikki mamlakat san’atkorlarining konsert dasturi bilan yakunlandi.