O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMTda O’zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi davridagi ustuvor yo’nalishlari bilan tanishtirildi

2016-11-08 | Siyosat

Birlashgan Millatlar tashkilotining Nyu-York shahridagi Bosh qarorgohida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 18-19-oktabr kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan Islom Hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida so’zlagan nutqi Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.

Unda xalqaro hamjamiyatga O’zbekistonning bugungi kunda dunyodagi ko’p tomonlama hamkorlikning eng yirik va qudratli institutlaridan biri - IHT bilan samarali hamkorligi istiqbollari haqida ma'lumot beriladi.
 
Hujjatda keltirilicha, “Ta'lim va ma'rifat - tinchlik va bunyodkorlik sari yo’l” mavzusi Kengashning Toshkent sessiyasi kun tartibining asosiy g’oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega.
 
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev xotirlatgan “Bu g’oya “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan mashhur hadisga hamohangdir. Ushbu mavzu katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan, buyuk davlat arbobi sifatida uzoqni ko’ra oladigan O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan dunyo xalqlari, o’z xalqi taqdiri, bugungi murakkab sharoitda muqaddas dinimizning ahamiyati haqidagi chuqur mulohazalar natijasi sifatida taklif etilgan edi”, - degan so’zlari keltiriladi hujjatda.
 
Unda shuningdek, BMT hamjamiyatiga, o’zbek xalqi ma'naviy merosining butun boyligi, uning islom qadriyatlarini avaylab-asrash hamda o’rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirishga munosabati bayon etiladi.
 
“Dunyo shiddat bilan o’zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo’layotgan bugungi kunda ma'naviyat va ma'rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e'tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. Aynan ta'lim va ma'rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da'vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo’lishga undaydi. Muqaddas islom dinimiz bizga aynan shuni o’rgatadi”, deyiladi hujjatda.
 
Ma'ruzada shuningdek, O’zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab inson ma'naviy olami, xalqlar madaniyatini belgilaydigan manbalarni asrab-avaylash va boyitish, islom dinining jamiyatdagi o’rnini, tarixiy islom yodgorliklari, muqaddas qadamjolarni qayta tiklash borasida amalga oshirilgan keng ko’lamli ishlar bayon etiladi. Shu o’rinda mamlakatimiz tomonidan ta'lim va ma'rifat, jumladan, diniy ta'lim sohalarida hamda asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida ma'lumot beriladi.
 
Hujjatda O’zbekiston Islom dinidan zo’ravonlik va xunrezlik maqsadlarida foydalanishga urinayotgan kimsalarni keskin qoralashi va ular bilan hyech qachon murosa qila olmasligi ta'kidlanadi.
 
Hujjatda qayd etilganidek, tinchlik va barqarorlikka rahna solayotgan, mohiyati va ko’lamiga ko’ra transmilliy xususiyatga ega turli xatti-harakatlar sodir etilayotgan bir paytda IHTning Tashkilotga a'zo davlatlar kuchlarini tinchlik yo’lida birlashtirish, o’zaro hamkorlikning ishonchli mexanizmlarini, a'zo mamlakatlarning dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qilishi uchun o’ziga xos maydon yaratishga xizmat qiladigan roli va mas'uliyati yanada ortmoqda.
 
Shundan so’ng xalqaro hamjamiyat e'tiboriga O’zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi sifatidagi ustivor yo’nalishlari haqida ma'lumot beriladi. Xususan, musulmon davlatlarining samarali va nufuzli forumi sifatida IHTning rolini mustahkamlash, o’zbek xalqining buyuk mutafakkirlari merosini chuqur o’rganish, teran anglash va keng ommalashtirish, innovatsion rivojlanish, keng ko’lamli ilmiy-texnik kooperatsiya va yangi texnologiyalar, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etish, Tashkilotga a'zo davlatlarning xalqaro savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion hamkorligini kengaytirish masalalariga e'tibor qaratilgan.
 
O’zbekistonning Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida buyuk ajdodlar ko’p qirrali diniy-ma'naviy merosini o’rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini, Toshkent islom universiteti tarkibida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha Islom tashkilotining maxsus kafedrasini tashkil etish va Yaqin Sharqda ham yadro qurolidan xoli hududni yaratish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat e'tiborini o’ziga jalb qilishi shubhasizdir.
 
Hujjat BMTning 6 ta rasmiy (rus, ingliz, arab, ispan, xitoy va fransuz) tillarida tarqatildi va Tashkilotning rasmiy hujjatlar tizimiga kiritildi.

Поделиться