O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov jarayonida axborot va so‘z erkinligi
2016-11-08 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Saylov jarayonida axborot va so‘z erkinligini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida seminar tashkil etildi.
Unda deputatlar, huquqshunoslar, axborot sohasi va saylov jarayonlari ekspertlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari O‘.Mirzayorov va boshqalar joriy yilning 4-dekabrida bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ochiqlik, oshkoralik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq adolatli holda o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini keng yoritadi.
Fuqarolarning erkin xohish bildirishi va mustaqil tanlov huquqini amalga oshirishi bevosita axborot sohasidagi axborotni olish va tarqatish erkinligiga asoslanadi. Mamlakatimizda saylovlarda chinakam so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Seminarda ommaviy axborot vositalari demokratik jarayonlarning subyekti hisoblanib, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazish davrida muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi. Saylovchilarni xabardor qilish, saylovoldi tashviqoti vositasi va jamoatchilik nazoratining muhim shakli bo‘lib xizmat qiladi.
– Saylovga oid tadbirlar nodavlat teleradiostansiyalar tomonidan ham izchil yoritib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi ijrochi direktori o‘rinbosari Jamila Nurjonova. – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda assotsiatsiya o‘rtasida imzolangan bitimga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini nodavlat teleuzatuvchilar tomonidan yoritish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unda jamoatchilikni saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazishga oid tadbirlar haqida xolis hamda tezkor xabardor qilish, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan teleradio mahsulotlarni tayyorlash, ularni nodavlat teleradiostansiyalar va kabel studiyalari orqali efirga joylashtirish nazarda tutilgan.
Seminarda saylov jarayonini ishonchli va haqqoniy yoritishda jurnalistlarning kasb mahorati, saylov jarayonida axborot va so‘z erkinligining huquqiy asoslari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Manba: O'zA