O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jamoatchi inspektorlar uchun seminar
2016-11-05 | Ekologiya
Toshkent viloyatida ekologik nazorat bo‘yicha jamoatchi inspektorlarning vakolat va majburiyatlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qo‘mita mas’ul xodimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ekologlar, bo‘lg‘usi jamoatchi inspektorlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Mashg‘ulotlarda viloyatning barcha hududlaridan taklif etilgan 100 ga yaqin bo‘lg‘usi jamoatchi inspektor ishtirok etdi, – deydi Toshkent viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ya.Sultonov. – Sohaga oid hujjatlar ijrosini ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish borasida qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish kabi qator yo‘nalishlarda olib borilgan amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.
Seminarda “Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va uning asoslari”, “Jamoatchilik ekologik nazoratining nazariy va amaliy jihatlari”, “Er resurslarini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida jamoatchilik ekologik nazorati”, “Chiqindilar boshqaruvi sohasida jamoatchilik ekologik nazorati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.