O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlik masalasi muhokama etildi
2016-11-05 | Jamiyat
Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan ko‘chma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, aholi bandligiga ko‘maklashuvchi markazlar rahbarlari, shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda 2016-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida bajarilishini o‘rganish yakunlari muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Yo.Umarov va boshqalar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda 49 ming 863 ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, yanvar-sentabr oylarida 38 ming 658 yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi ish o‘rinlarining 83,8 foizi qishloq joylarida tashkil etilib, ularning 24,3 foizi xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan.
Hisobot davrida yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan ko‘zda tutilgan reja sanoatda 102,7, xizmat ko‘rsatishda 101,5, qishloq xo‘jaligida 101,2, qurilishda 103,8, to‘xtab qolgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash hisobidan 103,6, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratilishi hisobidan 101,6, dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 100,4 foizga bajarildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2015-2016 o‘quv yilida 23 ming 747 nafar kollej bitiruvchisi bilan to‘rt tomonlama tuzilgan shartnoma asosida ularni o‘quv-ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirish ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda ushbu masala ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Samarali natijalar bilan bir qatorda bandlik dasturiga muvofiq Nukus shahri, Beruniy, Xo‘jayli va Chimboy tumanlarida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev so‘zga chiqdi.
Shu kuni qo‘mita tomonidan Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahriri targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir ham o‘tkazildi.