O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatida qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida havo elektr uzatkichlar va nimstansiyalar ta’mirlandi
2016-11-05 | Iqtisodiyot
Navoiy viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarni kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholi xonadonlari va turli iste’molchilarni doimiy elektr quvvati bilan ta’minlash maqsadida joylardagi havo elektr uzatkichlar va nimstansiyalar ta’mirlandi.
– Mavsumda iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji va elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda, – deydi “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sadriddin Raimov. – 2016-2017yillar kuz-qish mavsumida elektr energiya ta’minotida uzilishlar ehtimoli kuzatiladigan olis hududlarda aholi xonadonlariga elektr energiyasini ishonchli yetkazib berish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ko‘rildi. Ayni paytga qadar Navbahor, Xatirchi, Qiziltepa tumanlaridagi 14 transformator yuqori quvvatlisiga almashtirildi. Kuz-qish mavsumida barcha nimstansiyalar va transformator punktlaridagi yog‘ to‘ldiriladigan qurilmalarga qo‘shimcha yog‘ quyish maqsadida 55 tonna transformator moyini xarid kilish uchun shartnoma tuzilib, ish reja asosida olib borilmoqda. Bundan tashqari elektr tarmoqlarida defekt izolyatorlar yangilanib, tayanchlar oralig‘idagi ulama simlar bartaraf etilmoqda. Mazkur tadbirlar tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, elektr energiyasini hisobga olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.