O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Narimon Umarovning Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
2016-11-05 | Saylov
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 4-noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuvni Namangan davlat universiteti katta o‘qituvchisi Sh.Bannayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Maqsudov yig‘ilganlarni Narimon Umarovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z nutqida saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Mustaqillik yillarida yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan viloyati sanoat tarmoqlariga ham yangi ilg‘or texnologiyalar, ishlab chiqarishga import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar kirib kelgani, mahalliylashtirish dasturining amaliyotga samarali tatbiq etilishi samarasida yuqori bosimli gaz ballonlari, ilgari noyob qurilish ashyosi hisoblangan shifer, mamlakatimizga import sifatida keltirilgan sport jihozlari, avtomobil faralari, dori vositalari singari 100 dan ortiq mahsulotlar viloyat korxonalarida ishlab chiqarilayotgani ta’kidlandi. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, mamlakatimizda eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Dasturda energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatbardosh energiya bozori yaratilishini rag‘batlantirish, tadbirkorlik subyektlari va xodimlar o‘rtasida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, xodimlarning haq-huquqlarini to‘laqonli ta’minlash, ular bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmagani, xodim mehnatiga haq to‘lash, ijtimoiy sug‘urta qilish, pensiya ta’minoti talablariga rioya qilmagani va ularni buzganligi uchun ish beruvchilar javobgarligining kuchaytirilishi masalalari ham ustuvor vazifa etib belgilangan.
Uchrashuvda Uchqo‘rg‘on tumanidagi 6-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatining ilmiy bo‘lim mudiri N.Tursunov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali direktori A.Ermetov, Uchqo‘rg‘on tumani “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O.Nabiyev, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati Sh.Davronov va boshqalar Prezidentlikka nomzodning dasturi haqida fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.