O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: hamkorlikning istiqboldagi bosqichlari

2016-11-05 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasi 1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuvga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, parlamentarizm sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash maqsadida faoliyat olib boradi. Parlament hamkorligi qo‘mitasi faoliyati orqali parlament deputatlari sherik mamlakatlarda o‘tkazilayotgan eng muhim ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tadbirlar haqida xabardor qilinmoqda, turli xalqaro va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga yordam ko‘rsatilmoqda. 

Qo‘mita majlisida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya, moliya va huquq sohalaridagi, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, taraflar mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashish, mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash yuzasidan amaliy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir chora-tadbirlarni muhokama qildilar. 

Majlis ishtirokchilari O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorligi izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu hamkorlik tomonlarning jamiyat hayotining turli jabhalaridagi muloqotini chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorligiga asoslangan. 

Qo‘mita majlisida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilangan demokratik islohotlar yo‘liga, o‘zining xalqaro majburiyatlariga sodiq qolayotganligi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlat boshqaruvi tizimi yetukligi va barqarorligining yuqori darajasi, demokratik jarayonlar va institutlarning rivojlanganligi xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yanada oshishiga asos bo‘lmoqda. 

Majlisda demokratik huquqiy davlatni barpo etish, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yuzasidan O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil axborot taqdim etildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini bundan buyon ham ta’minlash, xususiy mulkni muhofaza qilish va uning daxlsizligini kafolatlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza qilishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. 

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining demokratik jarayonlarni amalga oshirish va jamiyatni rivojlantirish borasidagi roli oshib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bunga parlament faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘maklashmoqda. Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyat yuqori organining qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta’minlash borasidagi rolini oshirishga, elektoratning xalq saylagan vakillarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi joriy yilda qabul qilingan «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning ahamiyati qayd etib o‘tildi. 

Shu yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi doirasidagi tadbirlarni muhokama qilish chog‘ida O‘zbekistonda ochiq va adolatli demokratik saylovni o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganligi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning borishini monitoring qilishga xalqaro kuzatuvchilar keng jalb qilingani ta’kidlandi. 

Evropa parlamenti a’zolari O‘zbekistonda jamiyat hayotining turli jabhalarida olib borilayotgan islohotlar natijalariga yuqori baho berdi. Evroparlament deputatlari o‘z chiqishlarida Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan, jumladan, terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekiston pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiruvchi mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi. 

Umuman, «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining majlisi amaliy va ishchanlik muhitida o‘tdi. Majlis natijalariga ko‘ra parlament hamkorligini yanada faollashtirish, 2014-2020-yillarda indikativ ko‘maklashish dasturini amalga oshirish, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, parlament a’zolarining tajriba almashinuviga doir xalqaro konferensiyalar, treninglar, seminarlar va boshqa tadbirlarni birgalikda o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qilindi. 

Iveta Grigule, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliya bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi (Latviya): 

– Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Islom Karimov o‘zining butun kuch-g‘ayratini va tafakkurini O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirishga, uning mustaqilligini mustahkamlashga bag‘ishladi. 

Evropaparlament va O‘zbekiston hamkorligi so‘nggi yillarda yanada rivoj topmoqda. Yevropa Ittifoqi va Yevropaparlamentning O‘zbekistonga nisbatan munosabati doimo iliq hamda do‘stona bo‘lib kelgan. O‘tgan yillar davomida barcha sohalar bo‘yicha, jumladan, ta’lim, ijtimoiy soha, mintaqaviy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligida ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Bular bizning yaqin kelajakdagi sherikligimizning ham ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi. Yevropa Ittifoqi bundan keyin ham mamlakatingizni qo‘llab-quvvatlayveradi. 

Evropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar va O‘zbekiston o‘zaro hamkorlik doirasida bizni birlashtiradigan ijobiy tajribaga e’tiborni kuchaytirmoqda. Chunki hamkorligimiz umumiy qadriyatlarimiz va maqsadlarimizga asoslangan. Maqsadlarimiz O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi xalqlarining farovon turmush kechirishiga qaratilgandir. 

Xerbert Dorfman, delegatsiya a’zosi (Italiya): 

– Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlash Yevropa Ittifoqi uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bu 2014-2020-yillarda mintaqani rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha indikativ dasturimizda ham o‘z ifodasini topgan. Unda, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan moliya sohasidagi hamkorlik hajmini bir milliard yevroga oshirish nazarda tutilgan. Biz majlis chog‘ida O‘zbekiston yengil sanoatini rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildik. Mamlakatingizda nafaqat yuqori sifatli paxta yetishtiriladi, balki uni qayta ishlashni amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy to‘qimachilik sanoati ham mavjudligi e’tiborga molik. Shuningdek, O‘zbekiston ko‘hna va boy tarixga ega go‘zal mamlakatdir. Buyuk ipak yo‘li O‘zbekistonni Yevropa mintaqasi bilan bog‘laydi. Shu ma’noda sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish, uning infratuzilmasini mustahkamlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishimiz zarur. 

Brando Bonifey, delegatsiya a’zosi (Italiya): 

– Bugungi yig‘ilish dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Biznes tuzilmalar bilan yangi aloqalar o‘rnatish, iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirish O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi kerak. 

Mark Tarabella, delegatsiya a’zosi (Belgiya): 

– O‘zbekiston izchil iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda va xalqaro kooperatsiya uchun o‘z bozorini ochmoqda. Bu kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Bu yerda ishbilarmonlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza barpo etilgan. Bundan tashqari, mamlakatingizda hukm surayotgan barqaror vaziyat ham xorij investitsiyalarini jalb etishda muhim ahamiyatga ega. 

Shunisi diqqatga sazovorki, O‘zbekiston parlamentida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur institut qonunchilik darajasida va xalqaro amaliyotga to‘liq muvofiq holda barpo etiladi. 

Поделиться