2016-yil 25-oktabr kuni Helsinki shahrida O‘zbekiston va Finlandiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning yettinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Finlandiya delegatsiyasiga TIVning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha departamenti Bosh direktori Maimo Henriksson boshchilik qildi.
Finlandiya tomoniga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning vafoti munosabati bilan Finlandiya prezidenti Sauli Niinistoning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan hamdardlik maktubi uchun mamlakatimiz rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildirildi.
Maslahatlashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamda O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi shaklidagi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari batafsil muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro aloqalarni nafaqat davlatlararo darajada, shuningdek biznes, fan, ta’lim va madaniyat muassasalari o‘rtasida ham faollashtirishga qiziqish mavjud ekanligini ta’kidladilar.
21-oktabrda imzolangan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining asosiy qoidalari haqida Finlandiya tomoniga tushuntirildi va ushbu hujjat mazkur sohadagi davlat siyosatini yangi sifatli bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni Finlandiya tomonida katta qiziqish uyg‘otdi.
Maslahatlashuvlar davomida O‘zbekiston-Finlandiya kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Finlandiyaning O‘zbekistondagi Elchisi Niklas Lindkvist ishtirok etdi.