O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imkoniyatlar samarasi
2016-10-21 | Iqtisodiyot
Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 228,8 ming tonna meva-sabzavotni eksport qilish rejalashtirilgan.
– Ayni paytga qadar 16,7 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi, – deydi viloyat hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Komil Tojiyev. – Birgina oktabr oyining o‘zida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali 4,1 million dollarlik valyuta tushumini ta’minlash kutilmoqda.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yil hosili uchun 26,9 ming gektar maydonga ekinlar ekish ko‘zda tutilgan. Hozir iqlim sharoitidan kelib chiqib, aprel oyida hosilga kiradigan eksportbop mahsulotlar ekish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Ajratilgan yer maydonlarining 2 ming 570 gektariga piyoz, 3 ming 855 gektariga sabzi, 3 ming 855 gektariga lavlagi, 15 ming gektariga turli ko‘katlar va 1 ming 710 gektariga boshqa ekinlar ekish rejalashtirilmoqda.
Joriy yil poytaxtimizda o‘tkazilgan I xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida viloyat tadbirkorlari 116,4 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga eksport qilish bo‘yicha 113,9 million dollarlik shartnoma imzoladi.
Shahrisabz tumanida joriy yilda ish boshlagan “Shahrisabz meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati agrofirmasi asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu tadbirkorlik subyekti joriy yil hisobidan chet ellik hamkorlar bilan qiymati 5 million dollardan ortiq miqdordagi mahsulot sotish bo‘yicha kelishuvlarga ega. Xususan, bir necha turdagi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga jo‘natish ko‘zda tutilgan.
– Hozirga qadar xorijlik hamkorlarga qariyb 80 ming dollarlik mahsulot yetkazib berildi, – deydi ushbu agrofirma rahbari Saidjon Shokirov. – Tez orada 60 tonnaga yaqin xurmo va uzum jo‘natamiz. Rossiyaga yong‘oq, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston mamlakatlariga mosh eksport qilishni rejalashtirganmiz. Korxonamizda meva quritish yo‘lga qo‘yilgani bois, katta miqdordagi olma va olxo‘rini tabiiy usulda quritdik. Ularni saralab qutilarga joylayapmiz. Yaqinda Ufa shahrida savdo uyimizni ochdik. Xorijdan meva quritish liniyasi, sovutish kamerasi va plastmassa quti ishlab chiqarish uskunalari olib kelmoqchimiz.