O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Karatechilarimiz jahon chempionatida 12 oltin va 1 bronza medal bilan taqdirlandi
2016-10-20 | Sport
O‘zbekistonlik sportchilar Polshada an’anaviy karate-do bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati va jahon kubogida 12 oltin va bir bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.
Dunyoning yuzga yaqin davlatidan ikki yuzdan ortiq sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada Asadbek va Ziyodulla Sergapovlar, Aziz Mansurov, Diyor Namozov, Aziz Abdurahmonov, Jamshid Pirmamadov, Elyor O‘roqboyev, Saidjalolxon Sa’dullaxo‘jayev, Shahriyor Oqboyev, Saidbahromxon Niyozxonov, Sevara Mansurova, Hilola Ne’matova oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mehriniso Muhammadjonova bronza medal bilan taqdirlandi.
– Xalqaro musobaqalarda erishayotgan g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning jismonan va ma’nan sog‘lom insonlar bo‘lib kamol topishi, iqtidor va iste’dodini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir, – deydi A.Abdurahmonov. – Niyatimiz, kelgusi nufuzli musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, Vatanimiz shon-shuhratini yuksaltirishga hissa qo‘shishdir.