O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandga tashrif: hayrat va havas
2016-10-20 | Jamiyat
Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda o‘tgan 43-sessiyasi ishtirokchilari 19-oktabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.
Buyuk Yo‘lboshchimizning mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etish va uni har tomonlama rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlari yodga olindi. Yurtimizdagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, buyuk ajdodlarimiz nomi bilan bog‘liq maskanlarni obod etish, xalqimizning ma’naviy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida Birinchi Prezidentimiz ulkan jasorat, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani alohida ta’kidlandi.
Mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Mirzo Ulug‘bek muzeyi va rasadxonasi bilan tanishdi.
– Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgani va anjuman yuqori saviyada o‘tganini alohida ta’kidlamoqchiman, – deydi Iroq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Umar Berzinji. – Tadbir doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridagi muqaddas qadamjolar, ta’lim maskanlariga uyushtirilgan sayohatlar bizda ulkan taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqand shahri, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish imkoniyati yaratilganidan benihoya xursandmiz. Bu safar hayotimizda shubhasiz unutilmas voqea bo‘lib qoladi. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari mangu orom topgan maskanning shunday ko‘rkam va ulug‘vor salobatidan hayratga tushdik.
– O‘zbekistonda muqaddas ziyoratgohlar, masjidlarni obod etish, ularni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar har qancha tahsinga sazovor, – deydi Mali tashqi ishlar vazirligi xodimi Ben Aziz Rakoni. – Bu davlatingizning ushbu sohaga alohida e’tibor ko‘rsatayotganidan dalolatdir. Xalqaro anjuman doirasida eng katta orzularimdan biri ushalib, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish nasib etgani uchun Yaratganga behisob shukronalar aytaman. Majmuaning o‘ziga xos milliy arxitekturasi, obodligini ko‘rib lol qoldim. Ushbu maskanga yana kelishni niyat qildim.
Samarqand avtomobilsozlik kollejidagi ta’lim jarayonlari bilan tanishuv chog‘ida mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqaro andozalarga mos milliy ta’lim modelini yaratish borasida olamshumul ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturining hayotga tatbiq etilishi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi va sohaga oid boshqa qonunlar asosida zamon talablariga to‘la javob beradigan milliy ta’lim tizimiga asos solindi. Ayni paytda dunyoning ko‘plab mintaqalarida bolalarning o‘qishi og‘ir muammoga aylanib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini o‘z ichiga olgan, davlat tomonidan kafolatlangan 12-yillik bepul majburiy ta’lim tizimi joriy etilgan. Buning natijasida mamlakatimiz yoshlari bilim olish bilan birga, kasb-hunar egallab, jamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda. Mazkur muassasalar bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalasi ham davlatimizning doimiy e’tiborida ekani mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi, o‘rgansa arzigulik tajriba sifatida qayd etildi.
– Avtomobilsozlik bo‘yicha to‘rt yo‘nalishda o‘ndan ortiq mutaxassislar tayyorlanadigan mazkur muassasada o‘quvchilarning bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilgan sharoit oliy o‘quv yurtlari darajasida ekani e’tiborimni tortdi, – deydi Iordaniyaning Islom hamkorlik tashkilotidagi vakili Majid Talji. – Bu O‘zbekistonda davlat tomonidan ta’lim sohasiga bo‘lgan juda katta e’tibor samarasidir. 17-18 yoshli yigit-qizlarning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanib, avtomobilsozlikning murakkab jarayonlarini puxta o‘rganayotgani havasimizni keltirdi. Kollej bitiruvchilarining asosiy qismi Samarqanddagi avtomobil zavodlari va ularga texnik xizmat ko‘rsatish markazlarida ishlayotgani yanada e’tiborlidir.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi 1-akademik litseyga tashrif buyurgan mehmonlarga muassasa o‘quvchilari bu yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Bir necha xorijiy tillarda erkin suhbatlashgan yoshlarning bilimi, intilish va shijoati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Aniq, ijtimoiy-gumanitar va tabiiy fanlar, xorijiy filologiya yo‘nalishlarida 1350 o‘quvchi ta’lim olayotgan ushbu akademik litseyning 3 nafar qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Keyingi besh yilda o‘nga yaqin o‘quvchi xalqaro fan olimpiadasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. 50 dan ortiq yigit-qiz mamlakat va xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etgan.
– O‘zbekiston zaminidan diniy va dunyoviy ilmlarda jahonga mashhur allomalar yetishib chiqqanini yaxshi bilamiz, – deydi Gambiyaning Islom hamkorlik tashkilotidagi vakili Umar Salloh. – Ularning buyuk xizmatlari hamon hayrat va havas bilan o‘rganiladi. Bugun zamonaviy ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini eshitib, bu tabarruk yurtda ulug‘ ajdodlariga munosib avlodlar kamolga yetayotganiga amin bo‘ldik. Bunday avlod buyuk ishlarga qodir.