O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik uchun keng imkoniyat
2016-10-14 | Iqtisodiyot
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi, adliya, savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, prokuratura, soliq idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar qatnashdi.
Ishtirokchilar mazkur farmon yurtimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Hujjatda belgilangan chora-tadbirlar noqonuniy tekshirishlarning oldini olish, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subyektlari faoliyati asossiz to‘xtatilishi va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Farmonga ko‘ra, endi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirish, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik faoliyatining asossiz to‘xtatilishi va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, – deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.O‘roqov. – Shuningdek, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlari, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslar, ular tomonidan yetkazilgan zarar qoplangan va huquqbuzilishi oqibatlari belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilinadi. Bu tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat va yengillikdir.
Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishda yuzaga kelayotgan ayrim muammolar va ularning yechimi yuzasidan ham fikr almashildi.