O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot

2016-10-13 | Iqtisodiyot

2016-yil 12-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev raisligida Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda kelgusi yilning eng muhim moliyaviy-iqtisodiy hujjatlari bo‘lgan – 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlari, soliq va byudjet siyosati konsepsiyalari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hamda Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi loyihalari har tomonlama muhokama qilindi hamda qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan, joriy yilda makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlashni, shuningdek, Davlat byudjetining asosiy parametrlari bajarilishini ta’minlagan 2016-yilgi va kelgusi yillar uchun iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar chuqur tahlil qilindi. 

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan 2017-yilgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi va qo‘llab-quvvatlandi. Ularda yalpi ichki mahsulotni, investitsiyalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar ko‘rsatish hajmlarining jadal o‘sish sur’atlarini hamda narxlarning umumiy darajasi o‘sishini saqlash hisobiga makroiqtisodiy barqarorlikka erishish nazarda tutilgan. 

Majlisda 2017-yilda soliq va byudjet siyosatini yanada takomillashtirish bo‘yicha soliq ma’murchiligini takomillashtirishni, mahalliy byudjetlarning va maqsadli byudjetdan tashqari fondlarning daromad qismini mustahkamlashni, shuningdek, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini moliyalashtirishning ustuvorligi saqlanishini nazarda tutuvchi takliflar birma-bir ko‘rib chiqildi. 

Soliq yukini kamaytirish bo‘yicha eng muhim chora-tadbirlar qatorida iqtisodiyot tarmoqlariga soliq yuklamasini sezilarli yumshatadigan ayrim soliq imtiyozlari amal qilish muddatini uzaytirish nazarda tutilgan. Bular soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga ularning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda saqlab qolinadigan mablag‘larni o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish va modernizatsiyalash, xodimlar ish haqini va investorlar daromadini oshirishga yo‘naltirish imkonini beradi. 

Qayd etib o‘tildiki, soliq siyosati konsepsiyasida nazarda tutilgan rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kelgusi yilda mamlakat iqtisodiyotiga soliq yukini yanada kamaytirishni ta’minlaydi. 

Majlisda 2017-yilgi Davlat byudjeti xarajatlarining asosiy parametrlariga alohida e’tibor qaratildi. Ishlab chiqilgan Davlat byudjeti loyihasida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga qariyb 60 foiz mablag‘lar ajratilishi ushbu loyihada yuqori ijtimoiy yo‘naltirilganlik saqlanib qolgani qayd etib o‘tildi. Kelgusi yilda byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va stipendiyalar miqdorlarini yanada oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik bazasi va jihozlanganligini mustahkamlashga oid ishlarni davom ettirish nazarda tutilmoqda. 

Vazirliklar, idoralar va hududlar rahbarlarining e’tibori ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirishga ajratilayotgan byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanilishi yuzasidan qat’iy nazoratni ta’minlash zarurligiga, investitsiya loyihalarini hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlardagi eng muhim chora-tadbirlarni moliyalashtirishga qaratildi. 

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimliklari rahbarlari oldiga iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini tizimli ko‘rib chiqish va mustahkamlash, byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga to‘lovlar bo‘yicha o‘z vaqtida hisob-kitoblarni ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklariga yangi korxonalarni ishga tushirish va mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash hisobiga mahalliy byudjet daromad qismini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Bandlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni faol davom ettirishning muhimligi va ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda respublika Hukumati majlisida 2017-yilda Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi loyihasi parametrlari har tomonlama va chuqur tahlil qilindi. 

Dastur loyihasi respublika iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarida mavjud resurs va zaxiralarni to‘liq safarbar qilish, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma sohasini modernizatsiyalash va rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda uy mehnatining barcha shakllarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida mamlakat aholisining bandligini yanada oshirishni ko‘zda tutadi. 

Dastur loyihasining asosiy yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqish davomida barcha darajadagi hokimliklar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari oldiga yangi ish o‘rinlari tashkil etish parametrlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash, bandlikni oshirish masalalarini amalda hal etish hamda shu asosda aholi daromadlarini, hayoti darajasi va sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi. 

Majlisda, shuningdek, yoshlarni, eng avvalo, 2016/2017 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Respublika Hukumati majlisidagi muhokamalar natijalari bo‘yicha 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, soliq va byudjet siyosati konsepsiyalari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining hamda Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi loyihalari ma’qullandi va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga ko‘rib chiqish uchun yuborishga qaror qilindi. 

Поделиться