O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

«Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonning asosiy normalari

2016-10-08 | Iqtisodiyot

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, xususiy mulk ustuvorligini ta'minlash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi turli xil byurokratik to‘siq va g‘ovlarni barataraf etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Natijada o‘tgan davr mobaynida iqtisodiyotning tarkibi tubdan o‘zgardi. Shu o‘rinda, agar 25 yil avval O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlik deyarli mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 90 foizdan ortig‘i - bu kichik biznes korxonalari ekanini ta'kidlash kifoya. 2000 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 31 foizi kichik biznes sohasida yaratilgan bo‘lsa, 2015 yilda mazkur ko‘rsatkich 56,5 foizni tashkil etdi.
Bugungi kunda sanoat mahsulotlarining 40 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi aynan shu soha hissasiga to‘g‘ri kelayotir.

Shu o‘rinda, aholi bandligini ta'minlash va xalqimiz daromadlarining o‘sib borishida xususiy tadbirkorlikning tutgan salmog‘i naqadar yuqori ekanligini alohida qayd etish joiz. Ayni vaqtda band aholining qariyb 78 foizi shu sohada mehnat qilmoqda. Natijada, so‘nggi besh yil ichida aholi daromadlari ichida tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlarning ulushi 47,1 foizdan 52 foizgacha o‘sgani aholi daromadlarining oshishi, odamlarning turmush darajasi va sifatini yaxshilash borasida muhim ahamiyat kasb etib borayotganidan dalolat beradi.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi va Senatining joriy yil 8 sentyabridagi qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub'yektlari manfaatlarini mustahkam himoya qilish to‘g‘risidagi talab va topshiriqlari ijrosini izchil davom ettirish, turli byurokratik to‘siqlar va asossiz tekshiruvlarni bundan keyin ham qat'iyat bilan cheklash amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shu ma'noda, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyeyov tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning erkin faoliyati uchun keng imkoniyat yaratish, ularning manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida yangi  sifat bosqichini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga asossiz aralashuvdan himoya qiluvchi ishonchli huquqiy kafolatlarni ta'minlashga qaratilgan mutlaqo yangi bozor mexanizmlari va normalarining o‘rnatilishi Farmonning eng muhim o‘ziga xos jihatlaridan biridir.

Xususan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, rejadan tashqari tekshirishlar, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinishi kabi misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar joriy etilmoqda.

Bundan buyon jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazish tartibi aniq huquqiy normalar asosida qat'iy tartibga solinadi. Qolaversa, jinoyatlar sodir etilishi, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga noqonuniy aralishish natijasida yetkazilgan zararni aniqlashning yagona mezonlari va asoslari belgilab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish tashabbusi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan munosabatlarida biznes vakillarining manfaatlarini munosib himoya qilish yo‘lidi tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi.

Farmonda asosiy e'tibor tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan ma'muriy va jinoyat qonunchiligini yanada erkinlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirish kabi birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub'yektlari va ularning xodimlarini ular tomonidan yetkazilgan zararni qoplagan va huquqbuzilishi oqibatlarini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etgan taqdirda javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilish tartibi belgilanmoqda.


Mazkur chora huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan tadbirkor tomonidan uning ishlab chiqarish faoliyatini pasayishiga yo‘l qo‘ymay, byudjetga to‘lovlar va ish o‘rinlarini saqlab qolgan holda huquqbuzarlik oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkonini beradi.

Sir emaski, tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llanilishi oqibatida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar, odatda, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki uni davom ettirish imkoniyatidan, eng yomoni, oilasining ehtimol yagona daromad manbaidan mahrum bo‘lar edilar. Shu munosabat bilan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab mazkur jazo chorasining qo‘llanilishi bekor qilinadi.

Ta'kidlash joizki, Jahon bankining “Biznes yuritish” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston, avvalambor, sud ishlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil tatbiq etilishi tufayli xo‘jalik sudlarida tijorat ishlari bilan bog‘liq bahs-munozarlarni hal etishda eng kam vaqt sarflaydigan davlat sifatida dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Chunonchi, birgina joriy yilning to‘qqiz oyida 4 mingdan ortiq sud majlislari videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijasida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarining 2 milliardga yaqin mablag‘i tejaldi.

Xo‘jalik sudlari faoliyatida sud majlislariga audio va video qayd etish mexanizmlarining joriy etilishi va qabul qilingan sud qarorlarining Internet tarmog‘idagi veb-saytda joylashtirilishi sud jarayonlarida shaffoflik va xolislikning oshishiga, ularning yanada takomillashuviga xizmat qiladi.
 
Farmon qoidalarini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo‘yicha 42 ta aniq chora-tadbir amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Mazkur Kompleks chora-tadbirlar doirasida bojxona ishini takomillashtirish, soliq ma'murchiligi sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, respublikaning eksport salohiyati o‘sishini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag‘batlantiradigan valyutani tartibga solishning va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha aniq takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Shunday qilib, mazkur Farmon mamlakatimiz tanlagan yo‘lning bardavomligi va izchilligini ta'minlash, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishining asosiy omili hisoblangan tadbirkorlik faoliyati rivojiga to‘siq bo‘ladigan barcha sun'iy g‘ov va rasmiyatchiliklarni batamom bartaraf etishga xizmat qiladi.

Поделиться