O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Litvada
2016-10-07 | Saylov
Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K.Adilov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2016-yil 9-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Litva Respublikasi Seymi deputatlari saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etmoqda.
Saylovlarning xalqaro kuzatuvi demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishning eng shaffof usullaridan biri hisoblanadi. Bu saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligi tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston vakillari 2015-yilda Litvaning mahalliy saylovlarida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishgandi. O‘z navbatida Litva Respublikasi parlamenti va Markaziy saylov komissiyasining a’zolari 2014 va 2015-yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan parlament va prezident saylovlarini kuzatishda qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Islom hamkorlik tashkiloti, Umumjahon saylov organlari assotsiatsiyasi kabi xalqaro tashkilotlarga hamda xorijiy davlatlarning ko‘plab vakillariga joriy yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etishga taklifnomalar yubordi.