2016-yilning 4-oktabr kuni Brussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishida ishtiroki doirasida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat boshida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Samarqand shahrida o‘tkazilgan dafn marosimida shaxsan qatnashgani va O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani uchun Afg‘oniston Prezidentiga O‘zbekiston rahbariyati nomidan minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Afg‘oniston kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida turli darajadagi aloqalarni faollashtirish qo‘llab-quvvatlandi.