O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilar imzolarini to‘plash davom etmoqda
2016-10-06 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2016-yil 4-dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun mamlakatimizdagi to‘rtta siyosiy partiyaga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilgach, siyosiy partiyalar Prezidentlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzolarini to‘plashga kirishdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, siyosiy partiya Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizi, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma vakili bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan imzo varaqalarini to‘ldirishi lozim.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi tomonidan ham mazkur jarayon qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida mehnat jamoalari, korxonalar, mahallalar, ta’lim muassasalari va boshqa joylarda amalga oshirilmoqda. Bunda partiyaning tuman va shahar kengashlari hamda mingdan ortiq boshlang‘ich tashkiloti imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.
– Imzo to‘plash saylovga tayyorgarlikning dastlabki muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi, – deydi partiya viloyat kengashi tashkiliy-partiyaviy ishlar mudiri Jahongir Xo‘jamqulov. – Shu bois hozir partiyamizning har bir faoli bu ishga mas’uliyat bilan yondashmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, imzo varaqalaridagi imzolar jami saylovchilar umumiy sonining kamida bir foizini tashkil etishi kerak. Samarqand viloyatida 2 million 373 ming 738 nafar saylovchining bir foizi 25 ming nafarni tashkil etmoqda. Hozirgacha partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 20 mingdan ortiq imzo yig‘ildi.
Partiya viloyat kengashi imzo to‘plash jarayonida aholining siyosiy faolligini yuksaltirish, fuqarolarni, ayniqsa, saylovda birinchi marotaba ishtirok etayotgan yoshlarning saylovga oid tushunchalarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.