O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonning turizm sohasidagi ulkan salohiyati xalqaro sayyohlik yarmarkasida namoyish etilmoqda

2016-10-06 | Turizm

“O‘zekspomarkaz”da 5-oktabr kuni “Ipak yo‘lida turizm” XXII Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi, “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar, soha mutaxassislari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. 

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Farrux Rizayev, BMT Jahon sayyohlik tashkilotining texnik hamkorlik va xizmatlar bo‘yicha ijrochi direktori Chju Shanchjun va boshqalar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani, sayyohlar mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilganini alohida ta’kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sayyohlik infratuzilmasini taraqqiy ettirish, milliy turistik xizmatlarni xalqaro bozorlarga taklif etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Mamlakatimiz tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan qadimiy shaharlari, noyob madaniy-ma’naviy merosi, xalqimizning milliy o‘zligini namoyon etuvchi urf-odat, an’analari, tabiiy salohiyati bilan dunyo sayyohlarining e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti, o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuksak sifatli xizmat turlari sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

O‘zbekistonga kelayotgan turistlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Xususan, 2015-yilda mamlakatimizga 2 milliondan ko‘proq sayyoh tashrif buyurgan. 

Mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish doimiy e’tiborda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi havo kemalari parki va aeroportlar modernizatsiya qilinmoqda, parvozlar geografiyasi kengayayotir. Poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro va Qarshiga qatnovchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi sayyohlarga manzur bo‘lmoqda. Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li bunyod etilishi natijasida Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish barobarida xorijlik sayyohlar va xalqimizga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish tizimi ham yildan-yilga rivojlanayotir. Bugungi kunda mamlakatimizda 1 ming 282 sayyohlik tashkiloti, jumladan, 661 mehmonxona, sayyohlik bazasi va kemping, 600 dan ortiq sayyohlik kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Mamlakatimizda Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1993-yilda a’zo bo‘lgan. 2004-yildan buyon Samarqandda Jahon sayyohlik tashkilotining Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro hamkorlikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, anjumanlar va seminarlar tashkil etib kelinmoqda. 

Sayyohlik industriyasining istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ekologik turizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Qo‘riqxonalar, tabiat bog‘lari, ekomarkazlar, biosfera rezervatlarini o‘z ichiga olgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘i kengaymoqda. Ushbu ekoturizm inshootlari imkoniyatlarini baholash, ularning kadastr tizimini yaratish, soha bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash, mamlakatimizning ekosayyohlik salohiyatini jahonga yanada keng namoyish etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

1995-yildan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, jahon jamoatchiligini yurtimizning sayyohlik sohasidagi ulkan salohiyati bilan yaqindan tanishtirish, xorijdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishda muhim omil bo‘layotir. 

Bu yilgi yarmarkada Yaponiya, Portugaliya, Fransiya, Chili, Rossiya, Turkiya, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlardan yigirmadan ko‘proq firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. 

– O‘zbekiston jahon sayyohlik bozorida katta nufuzga ega, – deydi “India Tourism” kompaniyasi direktori assistenti Jitendra Jadhav (Hindiston). – Qadimiy tarixiy obidalar, tabarruk qadamjolar, xalqingizning o‘zligini namoyon etuvchi madaniy meros namunalari dunyo jamoatchiligi va sayyohlarning diqqat-e’tiborini jalb etmoqda. Hindistonda ham yurtingizga sayohat qilishga ishtiyoqmandlar ko‘p. Mamlakatingizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor xorijliklar uchun bu borada katta imkoniyat yaratmoqda. Biz yurtingizdagi sayyohlik kompaniyalari va firmalari bilan hamkorlik istiqbollari bo‘yicha shartnomalar tuzish niyatidamiz. 

– Yarmarka juda yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi “Hashtag Tourizm” kompaniyasi direktori Iqbol Modak (BAA). – O‘zbekistonning nodir madaniyat, san’at durdonalari, halqingizning bebaho milliy urf-odatlari, qadriyatlari, hunarmandlik namunalari dunyoga mashhur. O‘zbekiston turizm kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirish niyatidamiz. Toshkentdagi “Yasmina tur” sayyohlik firmasi bilan bu borada kelishuvga erishdik. Ushbu tadbir turizmni yanada rivojlantirish, tinchlik, taraqqiyot, barqaror rivojlanish yo‘lida o‘zaro aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini qamrab olgan. Unda turoperatorlar, turagentlar, yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy otellar, sanatoriylar, kurortlar, avtotransport kompaniyalari, aviatashuvchilar, global buyurtma tizimlari, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlarining dasturiy ta’minotchilari, muzeylar hamda madaniy hordiq chiqarish va dam olish sanoati korxonalarining xizmatlari, sohaga oid zamonaviy texnologiyalar namoyish etilmoqda. Yarmarkada biznes, ekologik, sport va ma’rifiy sayohat, ekskursiya, mehmonxona va restoran servisi, sohaga doir ko‘chmas mulk va sug‘urta, sog‘lomlashtirish, gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarga oid bo‘limlar ish olib bormoqda. 

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” milliy pavilyonida mamlakatimizning barcha hududlaridan sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlari, teatrlar, muzeylar, sayyohlik agentliklari xizmatlari taklif etilayotir. 

– Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda o‘ttizga yaqin turizm kompaniyasi va mehmonxona sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha vakili O‘ktam Xo‘jayorov. – 2013-2015-yillarda Qarshi, Shahrisabz va boshqa hududlardagi o‘ndan ziyod tarixiy qadamjolar rekonstruksiya etildi, mehmonxona biznesi rivojlandi. Bunday chora-tadbirlar sayyohlarni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ellik mingdan ko‘proq sayyoh viloyatimizda bo‘ldi. Ayni paytda 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan dastur doirasida bunday loyihalar ko‘lami yanada kengayayotir. Sayyohlikning yangi yo‘nalishlarini ochish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikka oid istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqdamiz. 

Yarmarka doirasida namoyish etilayotgan “Sharq bozori” ekspozitsiyasining oldi tomoshabinlar bilan gavjum. Bozorlar azal-azaldan nafaqat savdo-sotiq, balki xalqimizning milliy ma’naviyatini, yaratuvchilik, ijodkorlik salohiyatini, mehmondo‘stlik, saxovatlilik kabi ezgu qadriyatlarini namoyon etishda ham muhim vosita bo‘lib kelgan. 

Milliy taomlar tayyorlash usullariga oid taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Viloyatlarning sayyohlik salohiyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishish asnosida zaminimizda yetishtirilgan bog‘dorchilik mahsulotlarini tatib ko‘rish imkoniyati yaratildi. 

Yarmarkada ta’lim turizmiga oid alohida bo‘lim tashkil etilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, qator kasb-hunar kollejlarida sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 

“O‘zbekistonda tibbiyot turizmi” deb nomlangan bo‘limda mamlakatimiz tibbiyotining o‘ziga xos salohiyati, tibbiyot ilm-fani yutuqlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yetakchi klinikalarda yaratilgan zamonaviy tibbiy diagnostika va davolash sharoitlari keng namoyish etilmoqda. 

“Hosted Buyers” (Professional xaridorlar) dasturi uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda. 

Tadbir doirasida “Ekologik turizm – atrof-muhitni muhofazalash va barqaror rivojlanish omili: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizda tabiatni muhofazalash, yer osti va yer usti resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jamiyatimizni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizning ekologik sayyohlik salohiyati, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarga oid ma’ruzalar tinglandi va istiqboldagi vazifalar, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. 

Yarmarka doirasida yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish masalalari, aholiga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishning bugungi holati va istiqbollariga oid xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham tashkil etiladi. 

Eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti, kompaniya va mehmonxona taqdimoti, eng yaxshi stend, tematik bo‘lim va turistik imkoniyatlar, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn, ko‘p yillik va sermahsul hamkorlik kabi qator yo‘nalishlarda tanlovlar bo‘lib o‘tadi. 

Tadbirda mamlakatimizga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish borasida chet ellik hamkorlar va mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashish, hamkorlikka oid bitimlar imzolanishi kutilmoqda. 

Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi. 

Поделиться