O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ta’lim fidoyilariga ehtirom

2016-09-30 | Ta’lim

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, yigit-qizlarni buyuk ajdodlarimizga munosib insonlar etib voyaga yetkazishda ta’lim fidoyilarini o‘zining eng yaqin yordamchisi, deb bilar edi. Istiqlol yillarida yangicha tafakkurga ega, sog‘lom va barkamol o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashda pedagoglarning o‘rni va mavqei har qachongidan ko‘ra yuksaldi.

1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, muloqotlar, ilmiy anjumanlar, uchrashuvlarda ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarga chuqur bilim berish, ularni ona Vatanga, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida kamol toptirishda muallimlarning mehnatlari alohida e’tirof etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olinmoqda. 

30-sentabr kuni bir guruh faxriy va faol o‘qituvchilar, yosh muallimlar hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. 

Shu kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ushbu bayram munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari xodimlari, O‘zbekiston Qahramonlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining pedagoglari, sport murabbiylari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi. 

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlolning dastlabki kunlaridan yangicha bilim va tafakkurli, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratildi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma’rifiy hayotni tubdan o‘zgartirdi. Ushbu hujjatlar zamonaviy bilim maskanlarini barpo etish, yoshlarni 12-yillik bepul majburiy ta’lim bilan to‘laqonli qamrab olish, davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarini zamon ruhiga mos tarzda isloh etish kabi keng qamrovli ishlarni tizimli amalga oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi. 

O‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘tgan yillar mobaynida qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik ish haqini bir necha barobar oshirish, ularning o‘z ustida ishlashi, izlanishi, dars jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan loyihalar, turli ma’rifiy-ijodiy tanlovlar yoshlarga bilim berishga doir ilg‘or tajribalar, innovatsion g‘oya va tashabbuslarning tobora keng quloch yoyishi, ommalashishi, bolalarning o‘qishga ishtiyoqi kuchayishi, o‘zlashtirishda ijobiy natijalarga erishishga xizmat qilmoqda. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi maktab direktori”, “Yilning eng yaxshi psixologi”, “Yilning eng yaxshi metodisti”, “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi faol ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari” kabi ko‘rik-tanlovlar orqali ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor pedagoglar tajribasini atroflicha tahlil etish va o‘rganish, innovatsion ish tajribasini yanada kengroq ommalashtirish orqali ta’lim mazmuni takomillashmoqda. 

Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xorijiy tillarni o‘qitishga doir ishlarni zamon ruhi bilan hamnafas yo‘lga qo‘yish, bunda pedagoglarning kasbga oid bilim va ko‘nikmalarini doimiy yangilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chet tillari o‘qituvchilarini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Yilning eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi. 

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida malakali trener-o‘qituvchilar tarkibini yanada kengaytirish, ularni o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash ishlari ortdi. Ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida minglab yoshlarimiz sport, fan olimpiadalari, xalqaro ijodiy tanlovlar, ko‘rik-festivallarda muvaffaqiyat qozonmoqda. 

Mamlakatimiz Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 29-sentabrdagi farmoniga muvofiq ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi Vatanimizning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2016» tanlovining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. 

O‘zbekiston Qahramoni, Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi M.Sharapova, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi, Bolgariya va Kiprda o‘tkazilgan talabalarning matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadasi oltin medallari sohibi H.Egamberganov ta’lim-tarbiya olish uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘qituvchilar mehnatini e’zozlash borasidagi yuksak e’tibor uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutlab, ularga bag‘ishlangan yangi she’rini o‘qib berdi. 

O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasining «Mirzo Ulug‘bek» spektakli namoyish etildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova, A.Aripov ishtirok etdi. 
 
 

Поделиться