O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
2016-09-27 | Jamiyat
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahbarligida boshlangan, Toshkent shahrini nafaqat mintaqamiz, balki dunyodagi eng go‘zal va obod megapolislardan biriga aylantirish maqsadida zamonaviy transport-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, milliy me’morchilik va bugungi shaharsozlikning eng ilg‘or yutuq va uslublaridan ijodiy foydalangan holda, keng miqyosdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, istiqlol yillarida poytaxtimizda yuzlab yangi turar joylar, madaniy va maishiy inshootlar bunyod etildi. Bu o‘z navbatida shahar ahlining hayot darajasi va sifatini tubdan yaxshilash bilan birga, poytaxtimiz ko‘rki va chiroyiga yangicha qiyofa va husn bag‘ishlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev shu yilning 25-sentabrida Toshkent shahrining Sergeli tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi mavzelari, ko‘p qavatli turar joylar va ijtimoiy soha obyektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, nurab qolgan eski uylar o‘rnida yangi binolarni qurish, ko‘p qavatli uylardagi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, aholining talab va ehtiyojlarini inobatga olib, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, bu borada iqtisodiy tejamkor usullarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Aholi vakillari va shahar rahbarlari, mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dastur – Sergeli tumanida 2017-2022-yillarda 500 ta ko‘p qavatli uyning bunyod etilishi bilan bog‘liq loyiha ishlab chiqilganiga alohida to‘xtaldi. Bu turar joylarning bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan puxta loyihalar asosida qurilishi, ularni eng zamonaviy infratuzilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va mutaxassislar bilan atroflicha fikr almashdi.
Ta’kidlash joiz, bu ulkan loyihaning amalga oshirilishi qariyb 30 ming oilaning yangi uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. Shunisi e’tiborliki, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.
Uchrashuvda yana bir muhim masala – azim poytaxtimizning barcha tumanlarida yangi madaniyat va istirohat bog‘lari barpo etish, yashil maydon va hududlarni yanada ko‘paytirish masalasi muhokama etildi. Poytaxtda yangi transport-kommunikatsiya tarmoqlari, madaniy-maishiy obyektlar bunyod etish, yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish ishlarini jadallashtirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
Shavkat Mirziyoyev yaqin kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallangan bu loyihalar nafaqat Sergeli tumanini, balki butun Toshkent shahrining imkoniyat va salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida katta istiqbollar ochib berishini qayd etdi.
Ushbu bunyodkorlik ishlari zamirida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mahalliy resurslardan keng foydalanish, sohada minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Uchrashuvda poytaxt aholisi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ulkan hajmdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni hayotdan rozi qilish masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.
Bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrash eng dolzarb vazifadir. Uchrashuvda Toshkent shahrida tartib-intizomni har tomonlama mustahkamlash, pasport-viza rejimiga qat’iy amal qilish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.