O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Okrug saylov komissiyalari: vazifalar belgilab olindi
2016-09-27 | Saylov
Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 okrug saylov komissiyalarida dastlabki majlislar o‘tkazilib, vazifalar belgilab olindi.
Saylovning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik standartlar va saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilikka qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishida okrug saylov komissiyalari alohida o‘rin tutadi. Shu bois qonunga muvofiq okrug saylov komissiyalariga a’zolikka nomzodlar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari majlislarida atroflicha muhokama qilinib, komissiyalar jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘-e’tiborga sazovor yurtdoshlarimizdan iborat tarkibda shakllantirildi.
– Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi qizg‘in pallaga kirmoqda, – deydi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi U.Jalmenov. – Okrug saylov komissiyasi faoliyatini olib borishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. Yangi qurilgan Yoshlar markazida ajratilgan xonalar zarur texnika vositalari bilan to‘liq ta’minlangan, komissiya a’zolarining navbatchiligi tashkil etilib, ish boshlab yuborildi.
– Okrug saylov komissiyasining birinchi majlisida saylovchilarni saylov kampaniyasining barcha bosqichlari xususida muntazam xabardor qilib borish, markaziy va viloyat ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi, – deydi 2-Andijon okrug saylov komissiyasi raisi O.Mirzayev. – Okrug saylov komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Andijon viloyati matbuot markazi tashkil etildi. Markazning asosiy vazifalaridan biri ommaviy axborot vositalari vakillarining saylov kampaniyasi jarayonlari bilan bog‘liq ma’lumotlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iboratdir.
– O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2016-yil 23-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining birinchi majlisida kun tartibiga qo‘yilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi, – deydi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev. – Okrug saylov komissiyasining a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlanib, aniq rejalar belgilab olindi. Saylov uchastkalari tuzishni tashkillashtirish, saylov komissiyalari binolar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanishini nazorat qilish, ommaviy axborot vositalarida komissiya faoliyati har tomonlama yoritilishini amalga oshirish kabi qator vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi raisi I.Jo‘rayevning aytishicha, Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo saylov okrugi tuzilgan. Komissiyaning 2016-yil 23-sentabrda qabul qilingan qaroriga binoan 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi tasdiqlanib, mahalliy matbuotda e’lon qilindi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasining dastlabki majlisida ish rejasi ham tasdiqlanib, vazifalar taqsimlandi.
14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi raisi A.Yunusxo‘jayev ommaviy axborot vositalari xodimlariga okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan birinchi majlis va unda qabul qilingan qarorlar haqida axborot berdi. Majlisda, xususan, saylov komissiyasi a’zolarining xizmat vazifalari taqsimoti, saylov uchastkalarini tuzishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunining joylardagi ijrosini nazorat qilish va saylov uchastkalariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida okrug saylov komissiyasi a’zolari tumanlarga biriktirildi.
Okrug saylov komissiyalarining majlislarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda har bir okrugda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifinglar tashkil etilib, saylov jarayonlarining borishi xususida xabardor etib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizning barcha hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.