O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholi salomatligi yo‘lida
2016-09-23 | Jamiyat
Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi rekonstruksiya qilinib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy sharoit yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida tibbiyot muassasalari faoliyati takomillashtirilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida ham aholi salomatligi, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasini rekonstruksiya qilish, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga 1 milliard 311 million so‘m mablag‘ sarflandi. Rentgen, flyuorografiya, UZI, EKG kabi diagnostika vositalari aniq tashxis qo‘yish, kasallikni erta aniqlash va sog‘lomlashtirish imkonini yanada kengaytiradi.
– Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, xususan, yoshlarni har tomonlama sog‘lom voyaga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi mazkur poliklinika bosh shifokori Iroda Otajonova. –200 qatnovga mo‘ljallangan muassasamizda yaratilgan qulayliklardan shifokorlar ham, aholi ham mamnun.