O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dasturchilar forumi
2016-09-22 | Texnologiyalar
Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes-markazda “ICTWeek – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida “ICTForum–2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumi bo‘lib o‘tdi.
Etakchi IT-kompaniyalar vakillari, mamlakatimiz va xorijiy ekspertlar – jami 800 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etgan forumda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy etilgani yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Forumda 70 dan ziyod ma’ruza taqdim etildi. Unda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilash, xorijiy olim va tadqiqotchilar bilan axborot texnologiyalarining muhim tarmoqlari bo‘yicha tajriba almashishni rag‘batlantirish, amaliy tadqiqot va ishlanmalar imkoniyatlari muhokama etildi.
Seksiyalarda davom etgan muhokamalarda davlat xizmatlari institutining shakllanishida “Elektron hukumat” tizimining roli, aholiga ko‘rsatilayotgan interfaol xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, media biznesini va dasturiy ta’minot sanoatini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
– “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan tajriba almashmoqdamiz, – deydi Janubiy Koreya davlat boshqaruvi instituti vakili Chong So Yun. – O‘zbekistonda joriy etilgan “Elektron hukumat” tizimida ko‘plab innovatsion yechimlar o‘z aksini topgan. Bu interfaol xizmatlar yaratish, axborot bozorini kengaytirish va mamlakatingiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi takomillashib, korxonalarning ishlab chiqarish quvvati oshayotgani, yangi texnologiyalar joriy etilayotganini qayd etdi.
Mobil aloqa sohasining jadal rivojlanishi natijasida operator va provayderlar, internetdan jamoaviy foydalanish nuqtalari ko‘payib, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Biz internetda milliy segmentlarni rivojlantirish, mamlakatimizda foydali internet-resurslarni yanada ko‘paytirishga qaratilgan “Yangi internet tashabbusi – 2016» loyihasini taqdim etdik, – deydi «UZINFOCOM» komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi bo‘lim boshlig‘i Dildora Akromova. – Istagan kishi bizga yangi internet-resurs g‘oyasini yuborishi mumkin. Eng yaxshi loyihalar mualliflari moddiy rag‘batlantiriladi.
Forum zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga jadal joriy etishga xizmat qiladi.