Bugun 20 sentyabr kuni Toshkentda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligining muhim tadbirlaridan biri AKT Sammiti bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalqaro elektraloqa ittifoqi, Janubiy Koreya, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Ozarbayjon, Ukrainadan delegatlar, xalqaro tashkilotlar, yetakchi IT kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish bo‘yicha Sammit 2003 yildan boshlab muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Har yili Sammit axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha yutuqlarni va yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishga manfaatdor bo‘lgan mamlakatimiz IT bozori, yaqin va uzoq xorij mamlakatlarining ilg‘or mutaxassislarini to‘playdi.
AKT Sammiti dasturi davlat organlarida va iqtisodiyotning real sektorida axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishga bag‘ishlangan masalalarning keng doirasini qamrab olgan.
Sammit doirasida AKTni rivojlantirish holati va istiqbollari, elektron tijoratni rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekistonda soliqqa tortish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash, investitsiya va innovatsiyalar uchun AKT muhitini yaratish, davlat boshqaruviga raqamli texnologiyalarni joriy etishning ta’siri, keng polosali ulanishni rivojlantirishda innovatsion xizmatlarning roli, axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’limda investitsiyalarning muhimligi va boshqa shu kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Mazkur Sammit doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotlar respublikamizda AKT sohasini yanada rivojlantirishga, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga imkoniyat yaratadi.
Sammitning tashkilotchilari: O‘zbekiston axborot texnologiyalari Assotsiatsiyasi hamda “ICTNEWS conferences”, homiysi: “Huawei Tech Investment Tashkent”, shuningdek, texnik xamkor “O‘zbektelekom” kompaniyasi, axborot hamkori UzreportTV telekanali.