O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Toshkent shahrining bir qator tumanlarida bo‘ldi
2016-09-20 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Toshkent shahrining bir qator tumanlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi mavzelari, ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarining holati bilan bevosita tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida boshlangan Toshkent shahrini har tomonlama go‘zal va obod etish, zamonaviy transport-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo qilish, milliy me’morchilik va shaharsozlikning eng ilg‘or tajribalari, uslub va yangiliklarini qo‘llagan holda, keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bugungi kunda izchil davom ettirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo‘lib, Bunyodkor shohko‘chasi va Muqimiy nomidagi ko‘cha chorrahasida bunyod etiladigan, uzunligi 600 metr bo‘lgan 6 qatorli yo‘lo‘tkazgichning qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Yunusobod tumanini Mirzo Ulug‘bek tumani bilan bog‘laydigan yangi yo‘l barpo etish, bunda Yangi shahar ko‘chasini Bog‘ishamol ko‘chasi bilan tutashtiradigan 1 ming 100 metrdan iborat yangi avtomobil yo‘li hamda Bo‘zsuv kanali ustida quriladigan 510 metrli ko‘prik loyihalari bevosita joyida atroflicha muhokama qilindi.
Ushbu ob’ektlarda qurilish ishlarini 2017 yil mart oyida to‘liq va sifatli yakunlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida topshiriqlar berildi.
Yunusobod tumanidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishuv davomida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ko‘rsatmalariga binoan Toshkent metropoliteni yo‘llarini zamonaviy yo‘lsozlik va tunnelsozlik texnologiyalarini joriy etish orqali davom ettirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Yunusobod yo‘nalishidagi 2 ta bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish masalalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumani hokimligida Toshkent shahri va tumanlari hokimliklari, boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari va faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda poytaxtimizdagi ko‘p qavatli uylarni hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash, turar joylar yo‘laklarini aholi uchun har tomonlama qulay tarzda ta’mirlash, yon-atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mahalla va mavze hududlarida ozodalikni ta’minlash, bolalar va sport maydonchalarini qurish ishlari atroflicha va tanqidiy tahlil qilindi.
Shuningdek, aholiga yanada zamonaviy sharoitlar yaratish, savdo madaniyatini oshirish, savdo majmualarida oilalar va bolalarning dam olishi uchun qulayliklarni kengaytirish masalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahrida pasport-viza rejimiga rioya qilinishi hamda uy-joy fondidan foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha Idoralararo komissiya a’zolarining hisobotlari tinglandi.
Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirish, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari va boshqa mas’ul xodimlar hamkorligini muvofiqlashtirish va yanada mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Tegishli vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Ish faoliyatida muntazam qoloqlik va jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shomansur Ahmedov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Saidakbar Po‘latov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Tumanning bir qator mutasaddi idoralari rahbarlari – prokuror Timur Normuhammedov, davlat soliq inspeksiyasi rahbari Abdurauf Karimov jiddiy ogohlantirildi.
Toshkent shahar hokimligi va tumanlar rahbariyati zimmasiga qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, kuzgi-qishki mavsumga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish, aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha belgilangan dasturlarni o‘z vaqtida va sifatli tarzda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.