O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mustaqilligimizning 25-yilligiga bag‘ishlangan eng yaxshi asarlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
2016-09-20 | Madaniyat
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Uyushma raisi M.Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, uning yutuqlarini keng targ‘ib etish, qalam ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil 26-fevraldagi "O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida "Ijod" fondini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq ish boshlagan“Ijod” jamoat fondi faoliyati bu borada muhim rol o‘ynayotir. Mazkur qaror asosida "Do‘rmon" ijod uyi qayta ta’mirlanib, tibbiyot punkti faoliyati yaxshilandi. Uyushmaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. 2010-yildan hozirga qadar 53 nafar yosh ijodkorning birinchi kitobi "Ijod" jamoat fondi tomonidan nashr etilib, mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalariga bepul tarqatildi.
Joriy yilda uyushma tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan “Ming bir ibratli hayot” kitobi, 66 nafar iqtidorli yosh shoir asarlari jamlangan "Biz istiqlol farzandlarimiz” deb nomlangan yoshlar bayozi nashrdan chiqarildi. “Birinchi kitobim" loyihasi bo‘yicha 11 nafar yosh ijodkorning ilk to‘plami, iste’dodli yosh tarjimonlarning "Bahor bulbullarining chah-chahi” ilk bayozi chop etildi. Bu kitobdan 15 nafar yosh tarjimonning o‘nta xorijiy tildan o‘zbek tiliga qilgan tarjimalari o‘rin olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va uning viloyatlardagi bo‘limlari tomonidan ijodiy to‘garak va seminarlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mushoiralar, ustoz yozuvchi va shoirlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Yosh adib va shoirlarning ijod namunalariga matbuot sahifalarida keng o‘rin ajratilmoqda. Bu yosh ijodkorlarning adabiyot olamida o‘zining munosib o‘rnini egallashida ko‘mak bo‘layotir.
Yosh avlodni mamlakatimizda adabiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda o‘zbek yozuvchilarining hayoti va ijodidan kengroq xabardor qilish maqsadida "O‘zbek adiblari" kitobi tayyorlanib, nashrga topshirildi. Bundan tashqari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xalqimizning ongi va tafakkurida yuz berayotgan yangilanishlar, tinchlik va farovonlikni madh etuvchi "Ko‘zim qarog‘isan, Vatan" nomli badiiy-publitsistik asarlar to‘plami, Sog‘lom ona va bola yili munosabati bilan "Qudratli yurt farzandisan" nomli she’rlar kitobi, "Zalvorli qadamlar" publitsistik maqolalar to‘plami, "Sarchashma mavjlari" adabiyotshunoslikka oid maqolalar to‘plami nashrga tayyorlandi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab e’lon qilingan "Vatanni madh etish baxti" mavzuidagi eng yaxshi asarlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.