O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jamoatchilik nazorati institutining davlat boshqaruvidagi ishtirokiga doir xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
2016-09-19 | Jamiyat
Poytaxtimizda “Jamoatchilik nazorati – davlat boshqaruvida ishtirok etishning shakli sifatida: milliy amaliyot va xalqaro tajriba” mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Demokratiya va inson huquqlari instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Germaniyaning F.Ebert nomidagi jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat idoralari, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, milliy va xalqaro ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Sh.Bafoyev, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori S.Xo‘jayeva, Germaniyaning F.Ebert nomidagi jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori X.Kifer va boshqalar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli yuksalgani, bu jamiyatda demokratiya tamoyillarini qaror toptirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Konsepsiya asosida o‘tgan davr mobaynida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyati tobora kengaymoqda.
Konstitutsiyamizga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati instituti konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Ular fuqarolarning axborot olish, har bir fuqaroning davlat va jamiyat ishlarini boshqarish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat nazorati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilishi ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, inson huquq va manfaatlarini muhofazalashda muhim omil bo‘layotir. Mazkur qonun loyihasida jamoat nazorati tushunchasining mazmun-mohiyati, uning subyektlari aniq ifoda etilgan. Jamoat nazorati shakllari, uni amalga oshirish mexanizmlari belgilangan. Qonun loyihasida, shuningdek, davlat organlarining jamoat nazoratini amalga oshirishdagi majburiyatlari ham belgilangani jamiyatimizda demokratiya tamoyillarini yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
– O‘zbekistonda mustaqillikning ilk davridan o‘ziga xos taraqqiyot modeli tanlangan, – deydi germaniyalik ekspert G.Veling. – Bu jarayonda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish ustuvor bo‘lgani va u hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgani amalda o‘z isbotini topmoqda. Inson huquq va manfaatlari himoyasi NNTlarning asosiy faoliyat yo‘nalishiga aylangan. “Jamoat nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu ishlarni yanada takomillashtirish, mamlakatingizda islohotlarni izchillik bilan davom ettirishga zamin bo‘ladi.
Xalqaro seminarda jamoat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha milliy va xorijiy tajriba, O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarning jamoatchilik nazorati rivojlanishini ta’minlashdagi o‘rni, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining o‘ziga xos xususiyatlari va ahamiyatiga oid ma’ruzalar tinglandi. Guruhlarga bo‘linib o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda jamoatchilik nazoratini yuritish bo‘yicha huquqiy asoslar va amaliy ishlar, O‘zbekiston, Germaniya va boshqa mamlakatlar tajribasi yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.