O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yuzdan ortiq korxonaga ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni kamaytiradigan uskuna o‘rnatildi

2016-09-19 | Ekologiya

Poytaxtimizdagi “Toshkentland” istirohat bog‘ida 16-sentabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Global ekologik jamg‘armasi va BMT Taraqqiyot dasturining «Iqtisodiy o‘sish davridagi mamlakatlar hududida gidroxlorftorugleroddan foydalanishni jadal qisqartirishning birlamchi bajarilishi – O‘zbekiston» qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hayvonot va o‘simlik olamini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza yaratildi, uzoq muddatli davlat dasturlari bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. 

Davlatimiz ushbu masalaning dolzarbligi, yosh avlod salomatligiga xavf solishini inobatga olib, 1993-yilda Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalarga doir Monreal protokoliga qo‘shildi. 

Ozon tuynugining kattalashishi, ultrabinafsha nurlarining inson salomatligi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida 2005-yil 11-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ozonni buzuvchi moddalarni va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishni va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishni tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 

Natijada mazkur mahsulotlarni import va eksport qilishni tartibga solish, noqonuniy oldi-sotdiga qarshi kurashish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan qat’iy bojxona nazorati o‘rnatildi. Ayni paytda sovutish, havo almashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatishga oid korxona va tarmoqlar mutaxassislari, bojxona sohasi xodimlarining ekologik bilimini doimiy oshirib borish, bojxona xizmati maskanlariga ozonni yemiruvchi moddalarni aniqlovchi detektorlarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad navqiron avlodga ozon qatlamining salomatlikka, atrof-muhitga ta’siri, uni himoya qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida tushuncha berishdan iborat. 

– Mamlakatimizda ozonni yemiruvchi moddalarning aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga xavfini kamaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Dotsenko. – Ozon qatlamiga xavf soluvchi moddalarni qayta ishlovchi beshta markaz ish boshladi. Ular turli sanoat, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnikalarda ishlatiladigan xavfli moddalarni qayta ishlab, foydalanishga topshiradi. Yuzdan ortiq korxonaga ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni kamaytiradigan uskuna o‘rnatildi. 

Tadbirda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bog‘ maydonchasiga ozon qatlamini asrab-avaylash ramzi sanalgan ozon qatlamini qurdi. 

Поделиться