O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqand viloyatida yangi shifo maskanlari foydalanishga topshirildi
2016-09-08 | Jamiyat
Samarqand viloyatida Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida bunyod etilgan bir qator tibbiyot muassasalari foydalanishga topshirildi.
Joriy yilga mo‘ljallangan respublika investitsiya dasturi asosida Samarqand shahridagi 6-oilaviy poliklinika uchun yangi bino qurilib, 46 ming aholiga zamon talablari darajasida tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Muassasada yigirmaga yaqin tor mutaxassislar uchun alohida ish kabinetlari, laboratoriya va muolaja xonalari tashkil etildi. “Salomatlik” dasturlari assosida zarur tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.
– Poliklinikamiz shaharning 19 mahallasi aholisiga xizmat ko‘rsatadi, – deydi muassasa bosh shifokori Lola Abdullayeva. – Shu paytgacha eski, moslashtirilgan binoda faoliyat olib borganimiz ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatiga ham ta’sir etardi. Endi esa muassasamizda xodimlarning samarali ishlashi, bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va davolash uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Keyingi uch yilda 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, rekonstruksiya qilingan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ushbu jarayonda markazning barcha bo‘lim va poliklinikalarida rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirildi. Yordamchi binolar qurildi, hudud obodonlashtirildi. 390 o‘rinli markazda ayni paytda bolalarda uchraydigan barcha kasalliklarni aniqlash va davolash uchun imkoniyat mavjud.
Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 250 o‘rinli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 30 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining yangi binosi tuman aholisiga ko‘plab qulayliklar yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Muassasalarning ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i B.Egamberdiyev va boshqalar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotgani, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilishini ta’kidladi.