O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro og‘ir atletika maktabining Afinadagi dovrug‘i
2016-09-08 | Sport
Gretsiya poytaxti Afina shahrida 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha an’anaviy xalqaro turnirda mamlakatimiz sharafini Buxoro viloyati sportchilari munosib himoya qildi.
Unda o‘z vazn toifasida Sardor Muinov, Najafali Toirov, Muhammadali Sharipov, G‘aybulla Rahmatov birinchi o‘rinni egallab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
77 kilogramm vazn toifasidagi polvonlar bahsida dast ko‘tarishda 120, siltab ko‘tarishda 130 kilogramm, jami 250 kilogramm natija qayd etgan G‘.Rahmatov sport ustaligiga nomzodlik talabini ham bajardi.
Shuningdek, Valijon Sharipov, Shavkat Bekmurodov, Abbos Ibodullayev, Shohmurod Zavqiddinov kumush va Umar Nabiyev bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Turnirda O‘zbekiston shtangachilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
– Buxoro og‘ir atletika maktabi mamlakatimizda o‘z o‘rniga ega, –deydi viloyat terma jamoasi bosh murabbiyi Shahob Mahmudov. – Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Sardor Do‘stmurodov Buxoro og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisidir. Afinadagi muvaffaqiyat viloyatimizda yaqin yillarda kattalar o‘rtasida O‘zbekistonimiz sharafini xalqaro miqyosdan yanada yuksaltiradigan o‘rinbosarlar yetishib chiqayotganini tasdiqlaydi.