O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Elim deb, yurtim deb, yonib yashadi

2016-09-08 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida ham motam marosimlari o‘tkazilmoqda.

Tumanning barcha mahallalarida bo‘lib o‘tayotgan xotira tadbirlarida davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar Prezidentimiz portreti poyiga gullar qo‘yib, xotirasiga ta’zim bajo keltirmoqda. 

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi mustaqillik yillarida Hazorasp tumanida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tub tarkibiy o‘zgarish va yangilanishlar natijasida tuman zamonaviy qiyofa kasb etib, ishlab chiqarish korxonalari, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport koshonalari barpo etildi, aholi farovonligi yuksaldi. 

Tuman hududida joylashgan Xorazm shakar zavodi, Pitnak shahridagi avtomobil zavodi nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik sanoat korxonalaridan biridir. “GM-Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati Xorazm filiali, “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan 10 yangi korxonada avtomobillar uchun o‘rta va mayda turdagi detallar ishlab chiqarilayotir. 

– Muhtaram Yurtboshimizning el-yurt farovonligi yo‘lida qilgan ishlarini hech qachon unutmaymiz, – deydi mehnat faxriysi Yoqubboy Qutlimurodov. – Hazorasp tumani Pitnak shahrida bunyod etilgan ulkan korxonada “Damas”, “Orlando” va “Labo” kabi zamonaviy avtomobillarni o‘zimizning yoshlar jahon standartlari asosida ishlab chiqarmoqda. Bularning bari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. 

Ta’lim muassasalari va korxonalarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda tuman aholisi xalqimiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Yurtboshimiz rahnamoligida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilgani, odamlarning hayotga munosabati o‘zgarib, ongu tafakkuri va turmushida keskin yuksalishlar ro‘y berganini ta’kidlayotir. 

– Bu judolik xalqimiz uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Prezidentimiz Islom Karimovning vafotidan ayniqsa, biz, yoshlar chuqur qayg‘udamiz, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi faoli Zilola Zaripova. – Eng ulug‘, eng aziz bayramimizni bu yil ham intiqlik bilan kutdik. Chunki ayni shu bayram tantanalarida so‘zlaydigan nutqida Prezidentimiz biz, yoshlarga alohida murojaat qilib, mudom fidoyi bo‘lib yashashga, marrani baland olishga undar edilar. Biz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan Prezidentimiz ishonchiga munosib bo‘lish va u kishi istaganidek, O‘zbekistonimizning eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishi yo‘lida kuch-g‘ayrat va imkoniyatimizni ayamaymiz. 

Поделиться