O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqimiz qalbida mangu yashaydi
2016-09-04 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Nukus shahar Yoshlar markazida motam marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Nukus shahar hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
– Mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi, – deydi Xo‘jayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyi direktori Svetlana Son. – Davlatimiz rahbarining bolalarga mehri bo‘lakcha edi. Yosh avlod tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratib, farzandlarimizning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, yetim bolalarning boshini silab, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi. Buning natijasida ko‘plab tarbiyachilarimiz turli sohalarning yetuk mutaxassisi bo‘lish bilan birga bugungi bunyodkorlik ishlarining faol ishtirokchisiga aylandi. G‘oyat chuqur qayg‘udamiz.
– Men erishgan barcha muvaffaqiyatlar zamirida yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va biz, yoshlar uchun Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan keng imkoniyatlar mujassam, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistri A.Paxratdinova. – Biz, yoshlar mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti g‘amxo‘rligiga munosib bo‘lamiz, davlatimiz rahbarining porloq xotirasini hech qachon unutmaymiz, doimo yodda saqlaymiz.
Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilmoqda.