O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqimiz Prezidentimizning yorqin xotirasini hech qachon unutmaydi
2016-09-04 | Jamiyat
Buyuk davlat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Surxondaryo viloyatida ham motam marosimlari o‘tkazilmoqda.
Termiz shahar Yoshlar markazi binosida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar Prezidentimiz xotirasiga ta’zim bajo keltirdi.
Surxondaryo viloyatining mustaqillik yillarida iqtisodiy barqaror, sanoati rivojlangan hududga aylanib, aholi turmush darajasi muttasil yuksalib borayotgani Islom Karimov nomi bilan bog‘liqdir. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan tub tarkibiy o‘zgarish va yangilanishlar viloyatda zamonaviy sanoatni izchil rivojlantirishga xizmat qildi. Xorijiy sarmoyalar ishtirokida ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 50 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi. “Shingdong Spinning Termiz” qo‘shma korxonasida paxta tolasidan, “Inter silk pro” qo‘shma korxonasida pilla xomashyosidan ip-kalava, “Grand shifer” qo‘shma korxonasida qurilish materiallari, “Novo Farm” qo‘shma korxonasida farmatsevtika vositalari, “Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash” qo‘shma korxonasida neft mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li barpo etilgani xalqimizning azaliy orzularini ro‘yobga chiqardi. “Xonjiza” polimetall rudalar koni negizida yiliga 650 ming tonna ruda qazib olish va boyitish quvvatiga ega “Xonjiza” kon-boyitish majmuasi ishga tushirildi.
Qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar qishloq aholisi uchun munosib turmush sharoiti yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi. Viloyat markazi Termiz mamlakatimizning janubdagi mustahkam qo‘rg‘oni, zamonaviy shaharga aylandi.
Fermerlik harakati agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qishloqda yetakchi kuchga aylanib, aholining farovon hayotini ta’minlaydigan yetakchi kuch sifatida e’tirof etilmoqda.
– Xalqimiz og‘ir judolikka uchradi, – deydi termizlik mehnat faxriysi Robiya Tilakova. – Vatanni sevish, insonni, farzandlarini ulug‘lashni dunyoga keng namoyon etgan xalqparvar Yurtboshimizdan ayrilib koldik. Mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samarasidan yoshu keksa birdek bahramand bo‘lmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida qad rostlagan zamonaviy ta’lim muassasalari, sport inshootlari navqiron avlodning baxtu kamoliga xizmat qilayotir. Milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni avaylab-asrashdek ezgu ishlar ro‘yobi ham Islom Karimov xizmatlari samarasidir. Xalqimiz Prezidentimizning yorqin xotirasini hech qachon unutmaydi.