O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mustaqillikning 25-yilligi munosabati bilan 25 nafar xotin-qizga bepul xizmat aksiyasi Samarqand viloyatida ham yuksak saviyada tashkil etildi.
Samarqand shahridagi “Safi” go‘zallik salonining ochilish marosimi ana shunday aksiya bilan boshlandi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ayollarning ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish, salomatligini mustahkamlash va madaniy hordiq chiqarishi uchun tegishli dasturlar asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Bugun yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida zamonaviy go‘zallik salonlari, sport klublar tashkil etilib, xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Nilufar Ro‘ziyeva. – Bu esa opa-singillarimizning salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini oshirish hamda oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Joriy – Sog‘lom ona va bola yilida bu boradagi ishlar ko‘lami yana ham kengaydi.
Yangi go‘zallik salonida shu kuni 25 nafar xotin-qizga bepul xizmat ko‘rsatildi. Shuningdek, mazkur aksiya doirasida 25 yoshli xotin-qizlar ikki oy mobaynida ushbu salon xizmatidan 25 foiz chegirma bilan foydalanishi mumkin.
Manba: O'zA