O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat soliq xizmatining to‘rt yuzdan ziyod xodimiga esdalik nishonlari topshirildi
2016-09-01 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida mamlakatimiz mustaqilligining 25-yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha xodimlari ishtirok etdi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev va boshqalar mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida ulkan yutuqlarga erishilganini alohida ta’kidladi. Jamiyatni demokratik yangilash, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy yuksalish, yurtimizning iqtisodiy qudratini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar uning xalqaro maydondagi nufuzini yildan-yilga oshirmoqda.
Mamlakatimizning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora ortib, yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish sur’atlari oxirgi 11-yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan oshiq bo‘lib kelayotir. Bu aholining hayot darajasi va sifati yuksalishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rstmoqda.
Oqilona soliq siyosati natijasida soliq yuki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1995-yildagi 41 foizdan ikki martadan ortiq kamayib, 2015-yilda 20 foizni tashkil etdi. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 2005-yilda 15 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2016-yilda 7,5 foiz qilib belgilandi yoki ikki baravarga kamaydi.
Tantanali yig‘ilishda o‘z burchini sidqidildan bajarayotgan va soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soliq xizmati xodimlari mehnati davlatimiz tomonidan munosib baholanib kelinayotganligi aytib o‘tildi. Ana shunday xodimlarning to‘rt yuzdan ortig‘iga davlatimiz rahbarining joriy yil 1-iyuldagi farmoniga binoan ta’sis etilgan “O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishonlari topshirildi.