O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Futbolchilarimizning ishonchli g‘alabasi
2016-09-01 | Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2018-yili Rossiyada bo‘ladigan jahon chempionati Osiyo saralash musobaqasi uchinchi bosqichi dastlabki uchrashuvida Suriya futbolchilari ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi (FIFA) tomonidan Osiyo davlatlari uchun 2018-yilgi jahon chempionatiga 4,5 yo‘llanma ajratilgan. Osiyo saralash musobaqasining uchinchi bosqichida qit’amizning eng kuchli o‘n ikki terma jamoasi ikki guruhga bo‘lingan holda ana shu yo‘llanmalar uchun raqobatlashmoqda. Qoidaga ko‘ra, har bir guruhdan kuchli ikki terma jamoa jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi. Uchinchi o‘rin sohiblari esa dastlab o‘zaro kuch sinashadi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqqan terma jamoa qit’alararo pley-off uchrashuvida qatnashadi.
Bu bosqichda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Qatar va Suriya milliy terma jamoalari bilan «A» guruhidan joy olgan.
«Bunyodkor» stadionida o‘tkazilgan guruhning ilk uchrashuvida futbolchilarimiz suriyaliklarni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Terma jamoamizga g‘alaba keltirgan golga Aleksandr Geynrix mualliflik qildi.
Guruhdagi Janubiy Koreya va Xitoy terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda 3:2 hisobi qayd etildi.
O‘zbekiston terma jamoasi 6-sentabr kuni o‘tadigan navbatdagi o‘yinda qatarlik futbolchilar mehmoni bo‘ladi.