O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islohotlar yo‘lidan istiqbol sari
2016-08-25 | Jamiyat
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlar xo‘jalik subyektlari va aholi daromadlariga nisbatan soliq yukini pasaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq qonunchiligini yanada takomillashtirishda alohida ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Tadbirda soliq tizimidagi yangiliklar, soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlarning iqtisodiy samaradorligi viloyatdagi korxona va tashkilotlar misolida tahlil etildi. Yuqorida zikr etilgan qarorga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va aholi real daromadlarini oshirish maqsadida qator soliq va majburiy to‘lovlar stavkalari pasaytirildi. Unga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2015-yildagi 6 foizdan 1 foizga pasaytirildi va 5 foiz etib belgilandi. Nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar uchun foyda, mol-mulk soliqlari, shuningdek, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi va Respublika yo‘l jamg‘armasiga ajratmalar to‘lashdan ozod etish imtiyozlari muddati 2018-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirildi.
Eksport qiluvchi korxonalar uchun foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi va mol-mulk solig‘ining regressiv stavkasini qo‘llash tartibi, ya’ni eksport ulushi sotishning umumiy hajmiga nisbatan pasaytirilishi shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar uchun katta qulaylik yaratdi.
– Korxonamizda asosan ip-gazlama mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi Oltinko‘l tumanidagi “Krav teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sh.Karimov. – Joriy yilning birinchi yarmida korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan 7 milliard 595 million so‘mlik mahsulotni eksport qilish hisobiga yagona soliq to‘lovi bo‘yicha belgilangan imtiyozdan foydalanib, 458 million so‘m miqdorida daromadga ega bo‘ldik.
Anjumanda tizimdagi o‘zgarishlar, soliq va moliyaviy hisobotlarni elektron ko‘rinishda taqdim etishning afzalliklari, soliq idoralarining interaktiv xizmatlari yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O'zA