O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
G‘ijduvon tumanida 100 o‘rinli maktab-internat yotoqxonasi foydalanishga topshirildi
2016-08-25 | Ta’lim
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 62-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 100 o‘rinli yotoqxonasi foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar bermoqda. Mamlakatimizda investitsiya dasturi doirasida qator umumta’lim maktablari uchun yangi o‘quv binolari qurilib, mukammal ta’mirlanmoqda. Buni G‘ijduvon tumanidagi 62-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining zamonaviy qiyofasi misolida ham ko‘rish mumkin.
Bu yerda keyingi yillarda 120 o‘rinli o‘quv binosi, sport zali barpo etildi, keng ko‘lamli mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Umumiy qiymati 1 milliard 200 million so‘mlikdan ziyod 100 o‘rinli o‘quvchilar yotoqxonasining qurilishi ta’lim maskani moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Binoda o‘quvchilarning yashashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Asosan fransuz va ingliz tillari chuqur o‘rgatiladigan mazkur maktab-internat ta’lim sifati va samaradorligi bo‘yicha viloyatdagi ilg‘or bilim maskanlaridan biridir. Bu yerda buxorolik yoshlardan tashqari Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari, poytaxtimizdan kelgan o‘g‘il-qizlar ham ta’lim olmoqda.
– O‘quvchilarimizning qirqqa yaqini mamlakat fan olimpiadalarida, yuzdan ziyodi turli tanlov va musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, – deydi ushbu maktab-internat direktori Said Rahmonov. – Yaratilayotgan qulayliklar yoshlarning fan asoslarini yanada puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishida muhim omil bo‘ladi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zA