O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot-resurs markazlari rahbar xodimlari uchun seminar
2016-08-24 | Texnologiyalar
Navoiyda barkamol avlodni tarbiyalashda axborot-kutubxona muassasalarining roli va ular oldida turgan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyati axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi axborot-resurs markazlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish, axborot-kutubxona markazlari samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Bugungi globallashuv davrida aholi, ayniqsa, yoshlarni xolis va haqqoniy axborot bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi axborot xavfsizligini ta’minlash markazi bosh mutaxassisi Faxriddin Soliyev. – Axborot asrida internet tarmog‘i eng tezkor manbaga aylandi. Ammo bu makonda aniq va yolg‘on ma’lumotlar aralashib ketgan. Binobarin, aholini noto‘g‘ri ma’lumotlardan asrash maqsadida axborot xavfsizligini kuchaytirish zarur. Axborot oluvchilarda mustahkam immunitetni shakllantirish, ayniqsa, yoshlarda internet madaniyatini yuksaltirish virtual maydonda o‘z qarashi va mustaqil fikrini namoyon etishga xizmat qiladi.
Seminarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, “ommaviy madaniyat” ta’sirini bartaraf etish mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash maqsadida ta’lim muassasalaridagi axborot-resurs markazlarida haftaning chorshanba kunini “Axborot madaniyati kuni”, deb atash va turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etish xususida fikr almashildi.
Manba: O'zA