O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro Mehnat tashkiloti va ijtimoiy hamkorlar ishtirokida mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi
2016-08-23 | Jamiyat
2016-yil 15-19-avgust kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi O‘quv markazida Xalqaro Mehnat tashkiloti va ijtimoiy hamkorlar bilan birgalikda mehnat muhofazasi holati ustidan davlat nazorati va jamoat tekshiruvini olib boruvchi xodimlar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad – mehnatni muhofaza qilish sohasida hukumat, ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini aks ettiruvchi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tarmoq, hududiy va davlat dasturlari, shuningdek xodimlar va ish beruvchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ifodalaydigan normativ – huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishida hamda davlat va jamoat nazorati, tekshiruvini olib borishda kasaba uyushmalarining davlat organlari bilan hamkorligiga qaratish edi.
Hafta davomida o‘tkazilgan tadbirda ko‘tarilgan masalalar o‘zining dolzarbligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Sohada Xalqaro Mehnat tashkiloti tomonidan olib borilayotgan ishlar ham keng yoritildi, 155, 164, 184, 187 Konvensiyalarni muhokamasi, moddalarning milliy qonunchiligimizga aks ettirilishi guruhlarga bo‘linib o‘tkazilgan taqdimot qiziqarli va muzokaralarga boy ravishda o‘tdi.
Shuningdek, barcha viloyatlardan ishtirok etgan mehnat bosh boshqarmalari, kasaba uyushmalari tashkilotlari hududiy birlashmalari, “Sanoatgeokontexnazorat” Dalat inspeksiyasi, Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Sanitariya epidemiologiya markazi, Respublika tibbiy mehnat ekspert komissiyasi, Respublika tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar va fikr-mulohazalar bilan faol ishtirok etdilar, tadbir davomida poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirildi. Seminar yakunlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Galdagi vazifa – o‘qish davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalarni viloyat, shahar, tuman va boshlan-g‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga yetkazish, ular bilan tizimli ravishda davra suhbatlari, seminar, o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazib turishdan iborat.