O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh matematiklarimiz g‘alabasi
2016-08-23 | Ta’lim
Joriy yilning 14-20-avgust kunlari Tailand Qirolligi Chiang Mai shahrida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada yurtimiz jamoasi ishtirok etib, unda ikki nafar o‘quvchi bronza medalga va umumjamoa hisobida esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
Bu nufuzli musobaqa Xalqaro olimpiadalar reestridan o‘rin egallagan bo‘lib, unda har yili 30 dan ortiq davlatdan iqtidorli o‘quvchilar qatnashib kelmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada 31 ta davlatdan 600 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
Mazkur musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad iqtidorli o‘quvchilar uchun matematikadan xalqaro nufuzdagi tanlovni tashkil etish, iqtidorli o‘quvchilarning yuqori darajadagi intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan matematika o‘qitishning metodikalarini takomillashtirish, ishtirokchi davlatlar o‘quvchilariga matematikadan bilim va malakalari almashinuvlariga imkoniyat yaratish hamda xalqaro standartlarga muvofiq ta'lim muassasalarining o‘quv rejalari va dasturlarini yangilashdan iborat.
Musobaqada vakillarimizning munosib ishtirokini ta'minlash uchun “Bilimlar bellashuvi” musobaqasining tuman(shahar) bosqichida 1-5-o'rinlarni egallagan 350 nafardan ortiq 7-8 sinf o‘quvchilari orasida 2 bosqichli tanlov o‘tkazildi. Natijada 4 nafar iqtidorli o‘quvchilardan iborat terma jamoa shakllantirildi.
Jumladan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 18-sonli umumta'lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Norboev Jaxongir, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktab-internati 7-sinf o‘quvchisi Hasanov Shaxboz, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 37-sonli umumta'lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Maxmudov Shoxbek, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktab-internati 7-sinf o'quvchisi Neymatov Eldorni tayyorlash maqsadida bir oy mobaynida olimlar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda o'quvchilarga murakkabligi yuqori bo‘lgan algebra, geometriya, sonlar nazariyasi, matematik mantiq, kombinatorika va to‘plamlar nazariyasiga oid masalalarni yakka-tartibda va jamoa tarkibida echishning eng ilg‘or usullari o'rgatildi.
Xalqaro matematika musobaqasi 2 bosqichda: shaxsiy va jamoalar orasida bellashuvida o‘tkazildi.
Shaxsiy bellashuvda o‘quvchilarga 15 ta masala taqdim etilib, bellashuv natijalariga ko‘ra, Neymatov Eldor va Hasanov Shaxboz bronza medal, Norboev Jaxongir va Maxmudov Shoxbek faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Shuningdek, jamoalar bellashuvida birgalikda yechish uchun 10 ta masala taqdim etildi, shundan milliy jamoamiz a`zolari 8 ta masalani to‘liq yechib ikkinchi o‘rinni egalladi va musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.